U 9 marta ochiq kosmosga chiqqan, orbitada jami 226 kun bo‘lgan va 3 ta kosmik missiyani amalga oshirgan. Shuningdek, Yerdan 560 kilometr balandlikda joylashgan Xabbl teleskopini ochiq kosmosda shaxsan ta’mirlagan astronavt sifatida tanilgan.

Joriy yilning 13-may kuni “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumani doirasida NASA astronavti, xalqaro kosmik stansiya sobiq a’zosi Endryu Foystel bilan suhbatlashish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Suhbat davomida u O‘zbekistonning kosmik sohadagi rejalari, ilk o‘zbek fazogirini tayyorlash jarayoni, kosmosdagi hayot va o‘z missiyalari haqida qiziqarli fikrlar bildirdi. Ayniqsa, uning “kosmosdan 6 millisekund yosharib qaytdim” degan hazilomuz, ammo ilmiy asosga ega gapi katta qiziqish uyg‘otdi.

— Kosmosga birinchi marta chiqqaningizda qanday hislarni boshdan kechirgansiz? Qo‘rquv, hayajon yoki hayrat bo‘lganmi?

— Bu juda kuchli va unutilmas tajriba. Kosmosga birinchi marta chiqqaningizda bir vaqtning o‘zida bir necha hislar aralashib ketadi: kuchli hayajon, yuqori mas’uliyat hissi va mutlaq yangi muhitga tushganingiz uchun diqqatning maksimal darajada jamlanishi.

Dastlab inson tanasi vaznsizlik holatiga moslashguncha biroz noqulaylik sezishi mumkin. Lekin juda qisqa vaqt ichida organizm yangi sharoitga o‘rganadi va qo‘rquv o‘rnini to‘liq professional diqqat va vazifaga e’tibor egallaydi. Eng ta’sirli daqiqalardan biri — Yerni birinchi marta orbitadan ko‘rish bo‘ladi. Shu paytda inson chegaralar, davlatlar va geografiya emas, balki bitta umumiy va juda noyob sayyorada yashayotganini his qiladi. Bu his odatda qo‘rquvni emas, balki hayrat, hurmat va insoniyatga nisbatan mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytiradi.

— O‘zbekistonning 2028-yilgacha o‘z fazogirini fazoga yuborish rejasi haqida qanday fikrdasiz?

— Biz O‘zbekiston tomoni bilan anchadan beri muloqot qilib kelyapmiz. Shu vaqt ichida to‘g‘ri qadamlar qo‘yilayotganini ko‘ryapmiz. Ayniqsa, qaysi imkoniyatlar mamlakat uchun foydali yoki kamchilikli ekanini tahlil qilishga jiddiy yondashilayotgani ijobiy holat. Eng muhimi — birinchi navbatda astronavt tanlanishi kerak. Bu juda muhim bosqich. Biz VAST kompaniyasi sifatida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyormiz va 2028 yilgacha parvoz amalga oshishi uchun yordam berishimiz mumkin.

— Kosmosda vaqt haqiqatdan ham boshqacha o‘tadimi?

— Ha, bu ilmiy jihatdan haqiqat. Men Xalqaro kosmik stansiyada 197 kun bo‘lib, Yerga qaytganimda 6 millisekund yoshroq bo‘lib qaytganman. Albatta, bu juda kichik raqam, lekin nazariy jihatdan men haqiqatdan ham yosharib qaytganman.

— Kosmosdagi eng muhim missiyalaringiz qaysilar bo‘lgan?

— Birinchi missiyam Hubble teleskopini ta’mirlash bilan bog‘liq bo‘lgan. Biz orbitada teleskopga yetib borib, besh marta ochiq kosmosga chiqqanmiz va uni ta’mirlaganmiz. Bugungacha u ishlayotgan bo‘lsa, bu o‘sha missiyaning natijasi. Ikkinchi missiyam ikki haftalik Space Shuttle parvozi bo‘lib, Xalqaro kosmik stansiyani kengaytirish va yangi modullarni joylashtirish ishlarida ishtirok etganmiz.

Uchinchi missiyam esa eng uzoq davom etgan — men 6 oy Xalqaro kosmik stansiyada yashaganman va missiya komandiri bo‘lganman. Ana shu vaqtda kosmosda yashash qanday ekanini haqiqatan his qildim.

— Kosmik stansiyada qanday ilmiy tajribalar o‘tkaziladi?

— Biz 6 oy davomida 350 tadan ortiq ilmiy eksperiment o‘tkazganmiz. Ular turli sohalarga oid edi: farmatsevtika, materialshunoslik, qishloq xo‘jaligi, suyuqliklar fizikasi va boshqa yo‘nalishlar.

Ko‘pchilik astronavtlar eksperimentlarni o‘zi yaratadi deb o‘ylaydi. Aslida esa biz ijrochimiz. Biz — olimlarning qo‘li, ko‘zi va qulog‘imiz. Ayrim olimlar bir eksperiment ustida o‘n yillab ishlaydi. Bizning vazifamiz esa uni kosmosda to‘g‘ri va muvaffaqiyatli amalga oshirish.

— Kosmos insonni o‘zgartiradimi?

— Albatta. Kosmos insonga Yerga boshqacha nigoh bilan qarashni o‘rgatadi. Chegaralar yo‘qdek ko‘rinadi. Siz faqat bitta umumiy sayyorani ko‘rasiz. Shu his insonga ilm-fan, hamkorlik va tinchlik qanchalik muhim ekanini yanada chuqurroq anglatadi.

Endryu Foystelning fikrlari O‘zbekistonning kosmik sohadagi katta maqsadlari xalqaro darajada ham jiddiy qabul qilinayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, 2028-yilgacha ilk o‘zbek fazogirini fazoga yuborish rejasi nafaqat texnologik, balki ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega loyiha sifatida baholanmoqda.

Zulxumor Akbarova