Har doim ham so‘zlariga quloq solavermasdim. Ba’zan onam suymagan o‘rtoğim uyga chaqirib kelsa, “Uyda yo‘q”, deb qaytarib yuborardi.

O‘shanda qattiq jahlim chiqardi, ammo vaqtning o‘zi onam haq ekanini isbotladi. O‘sha vaqtlarda ko‘pchilik tengdoshlarimning ota-onasi ularni mana shunday nazorat qilib turardi. Ota-onam kunning qaysi qismida, qayerda, kimlar bilan ekanimni, taxminan bo‘lsa-da, bilardi. Albatta, ushbu nazorat bizning foydamizga xizmat qilgan. Axir bejiz aytishmagan “Yaxshi bilan yursang, yetarsan murodda, yomon bilan yursang, qolarsan uyatga”.

Ammo bugun davr boshqacha. Farzandingizni kim bilan do‘st ekani, nimalar qilayotganini nazorat qilish deyarli imkonsiz. Masalan, yoningizda o‘tirib, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xarakterdagi do‘stlari bilan yozishayotgan bo‘lishi mumkin. Xalqimizda “Do‘sting kimligini ayt, sening kimligingni aytaman” degan ibora bor. Farzandingizning do‘stlari kimligini bilmaganingiz bolangizni ham yaxshi tanimasligingizni anglatadi. Bugungi davrda do‘stu dushman uyingiz eshigini qoqqib kelmaydi, ­aksincha, ­profilingizdan sizga bog‘lanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan biz, kattalar firibgarlar tuzog‘iga tushib qolamiz. Hali sodda bolalarning ularga aldanib, to‘g‘ri yo‘ldan adashib qolishi hech gap emas. Buning ustiga, “o‘rgimchak tori” deya ta’rif beriladigan internet turli tuzoqlar, g‘araz niyatli odamlar bilan to‘lib-toshgan. Onlayn qimor changali deysizmi, narkotik va psixotrop moddalarning onlayn savdosimi, turli sharm-hayosiz kontentlar deysizmi — barchasini ko‘rish mumkin. Xo‘sh, voyaga yetmagan farzandlarimizni bu illatlardan asrash uchun nima qilamiz?

Dunyo hamjamiyati bu holat yaxshilikka olib bormasligi, davlat va jamiyat, millat kelajagini so‘roq ostiga qo‘yishidan xavotirlanib, oldini olishning o‘ziga xos tartib va me’yorlarini ishlab chiqmoqda. Ayrim davlatlar bunday kontentlarni cheklashga zo‘r berayotgan bo‘lsa, ayrimlari voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlarini ijtimoiy tarmoqlardan uzoqroq tutishga urinmoqda. Ba’zi mamlakatlar esa o‘z aholisi uchun alohida ijtimoiy tarmoqlar yaratmoqda.

Turli qonuniy me’yorlar bilan kontent tarqatishni nazorat qilish mushkul. Sababi, chek-chegarasiz internet olamida kontent yaratuvchilar ham talaygina. Axborot oqimi ko‘pligi sabab baribir qaysidir sayt, ijtimoiy tarmoq kontentida, albatta, qonun buzilishlari e’tibordan chetda qolmoqda. Yo bo‘lmasa, o‘zlarining milliy ijtimoiy tarmog‘ini yaratgan mamlakatlarda ham ­ommabop tarmoqlardan foydalanilayotganini kuzatish mumkin.

Xo‘sh, dunyo bosh qotirayotgan bu muammo oldida biz qanday yo‘l tutishimiz kerak? Ushbu illatga qarshi kurashishda mamlakatimiz qay yo‘ldan bormoqda?

— So‘nggi yillarda dunyo miqyosida bolalarning internet va ijtimoiy tarmoqlardagi xavfsizligi masalasi faqat axloqiy muhokamalar doirasidan chiqib, keng jamoat xavfsizligi va bola huquqlari masalasiga aylandi, — deydi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Rasulbek Hojiev. — Onlayn zo‘ravonlik, kiberbulling, zararli kontent, firibgarlik, shantaj va noqonuniy aloqalar kabi xavflar, shuningdek, platformalardagi “odatlantiruvchi dizayn” (masalan, algoritmik tasmalar, cheklanmagan qisqa videolar (skroll) va avtomatik tavsiyalar) bolalar psixologiyasi va xavfsizligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda ham bu masala dolzarb bo‘lib, 2024 yilda qabul qilingan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bilan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, jumladan, kiberbullingdan himoya qilish huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda yosh cheklovlarini joriy etish profilaktik siyosatning muhim elementi sifatida qaralishi mumkin. Mazkur ­sohada dunyo ­amaliyotini shartli ravishda ikki yo‘nalishga ajratish mumkin: qat’iy taqiq va tartibga solish (regulyatsiya).

Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishiga cheklovda asosiy mas’uliyat platformalar zimmasiga yuklangan: ular yoshni tekshirishi va bolalarni platformaga kiritishga yo‘l qo‘ymaslik uchun chora ko‘rishi shart. Biroq amaliyot ko‘rsatmoqdaki, texnik jihatdan bu cheklovni aylanib o‘tish mumkin.

Fransiya va Turkiyada esa shunga yaqin tashabbuslar muhokama qilinmoqda. Har ikki davlatda ham 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun cheklovlar, shuningdek, platformalar zimmasiga yoshni tekshirish va ota-ona nazoratini ta’minlash majburiyatini yuklash nazarda tutilgan.

Umumiy xulosa shuki, global tendensiya bolani to‘liq taqiqlashdan ko‘ra, platformalarning bolalar oldidagi mas’uliyatini huquqiy majburiyatga aylantirish tomon harakat qilmoqda.

O‘zbekistonda bunday siyosatga ehtiyoj borligini bir necha omillar tasdiqlaydi. Avvalo, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, jumladan, kiberbulling huquqiy jihatdan tan olingan va unga qarshi davlat siyosati shakllantirilmoqda. Shuningdek, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishning 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyasi bu yo‘nalish ustuvor ekanini anglatadi.

Bundan tashqari, yoshni tekshirish mexanizmlari shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga tahdid bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har qanday siyosat “ma’lumotlarni minimal yig‘ish” tamoyili asosida qurilishi lozim. Bunday jarayonda eng maqbul yechim bosqichma-bosqich yondashuv hisoblanadi. Fikrimizcha, mamlakatimiz uchun eng to‘g‘ri yo‘l — bosqichli va muvozanatli regulyator siyosatini joriy etish.

Birinchi bosqichda bolalar uchun xavfli funksiyalarni cheklash talab etilishi kerak. Masalan, noma’lum kishilar bilan yozishmalar, ochiq guruhlarga kirish, geolokatsiya, algoritmik tavsiyalar va jonli efirlar kabi funksiyalar avtomatik ravishda cheklanishi mumkin.

Ikkinchi bosqichda yoshni ishonchli aniqlash va ota-ona nazorati mexanizmlarini joriy qilish lozim. Bu yerda platformalarga “oqilona choralar” standartini belgilash, ota-onalar uchun nazorat panellari, vaqt cheklovlari va kontent filьtrlarini ta’minlash muhim.

Yuqoridagi choralar samara bermagan taqdirdagina uchinchi bosqich sifatida ­muayyan yoshgacha akkaunt ochishni cheklash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Voyaga yetmaganlarni ijtimoiy tarmoqlarda cheklash bo‘yicha dunyoda yagona yondashuv yo‘q. Ayrim davlatlar qat’iy taqiqni tanlayotgan bo‘lsa, boshqalari tartibga solish va nazoratni kuchaytirish orqali muammoni hal qilishga urunmoqda.

O‘zbekiston uchun eng samarali yo‘l to‘liq taqiqdan ko‘ra, platformalar mas’uliyatini oshirish, yoshni tekshirish, ota-ona nazorati va xavfli funksiyalarni cheklashga asoslangan bosqichma-bosqich siyosatni joriy etishdir. Bu yondashuv milliy qonunchilik va ­strategik maqsadlarga ham mos keladi.

Sanjar EShMURODOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri