Ushbu muloqotlar doirasida soha vakillari, faol ijodkorlar, tadbirkorlar hamda izlanuchan yoshlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri fikr almashish, muammolarni eshitish va yechimlar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Navbatdagi ochiq muloqot joriy yilning 22 aprel kuni Turkiston sanʼat saroyida boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Prezident Administratsiyasi vakillari, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, kompozitorlar va bastakorlar, teatr va tsirk sanʼati vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Mazkur uchrashuv Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, unda kompozitorlar va bastakorlar, shuningdek teatr va tsirk sanʼati vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi hamda ushbu uchrashuv ochiq va samarali muloqot maydoniga aylandi.

Dastlab, Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bugungi kunda madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning mazmun-mohiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Uning taʼkidlashicha, boʻlajak uchrashuvlarning asosiy maqsadi — shaxsiy masalalarni hal qilish emas, balki butun bir sohani rivojlantirishga qaratilgan strategik takliflarni muhokama qilishdan iborat. Davlat rahbari ijodkorlarning orzu-intilishlari, sohadagi tizimli muammolar va ularning yechimlarini shaxsan eshitishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Shuningdek, vazir madaniyat sohasida amalga oʻshirayotgan muhim yangiliklardan biri — teatr tizimidagi yangi eksperiment haqida ham maʼlum qildi. Unga koʻra, endilikda teatrlarga oʻzlari tanlagan ustalar va mutaxassislar bilan taklif soʻrovi asosida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik qilish imkoniyati berilmoqda.

Bu esa teatrlarning ijodiy mustaqilligini oʻshirib, ularga oʻz repertuari va maqsadlaridan kelib chiqib, sohaning yetuk mutaxassislari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish imkonini yaratadi. Natijada, ijodiy sifat va raqobat muhiti yanada kuchayishi kutilmoqda.

Vazirning qayd etishicha, mazkur yangi tizim 2027 yilgacha tajriba tariqasida Madaniyat vazirligi vakolati doirasida amalga oʻshiriladi. Ushbu davr mobaynida uning samaradorligi tahlil qilinib, keyinchalik tizimni takomillashtirish choralari koʻriladi.

Mazkur ochiq muloqot madaniyat sohasidagi islohotlarning yangi bosqichga koʻtarilayotganini yana bir bor namoyon qildi. Ayniqsa, davlat rahbarining soha vakillari bilan bevosita muloqotga tayyorligi va ularning fikrlarini inobatga olishga boʻlgan intilishi — sanʼat va madaniyat rivoji uchun mustahkam zamin yaratadi.

Muloqot davomida sanʼat sohasi vakillari oʻzlarini qiynayotgan muammolarni bevosita vazir va mutasaddilarga yetkazish imkoniga ega boʻldi. Har bir taklif va murojaat eʼtibor bilan tinglanib, ularga joyida munosabat bildirish va amaliy yechimlar ishlab chiqishga harakat qilindi.

Uchrashuvda madaniyat sohasidagi amaldagi tizimni takomillashtirish masalalari ham keng muhokama qilindi. Ayniqsa, teatr tizimidagi moliyaviy va tashkiliy yondashuvlarni zamon talablariga moslashtirish zarurligi alohida taʼkidlandi. Uchrashuv Prezident topshiriqlari asosida tashkil etilgan boʻlib, unda sohadagi dolzarb masalalarni ochiq muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston xalq artisti  Oʻzbek milliy akademik drama teatri direktori Yoʻdgor Saʼdiev  mazkur muloqot ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

— Bugun juda chiroyli va foydali yigʻilish boʻlyapti. Eng muhimi, bu ochiq muloqot. Prezidentimiz shaxsan shunday topshiriq bergan ekanlar — sohada nima muammo boʻlsa, bemalol aytishsin, deganlar. Bu esa bizga katta imkoniyat, — dedi u.

Uning taʼkidlashicha, madaniyat sohasiga qaratilayotgan eʼtibor davlat rahbarining bu yoʻnalishga boʻlgan yuksak munosabatini yana bir bor namoyon etmoqda.

— Prezidentimizning madaniyatga boʻlgan mehrlari, bu sohaga qaratayotgan eʼtiborlari yana bir bor sezildi. Bu biz, ijodkorlar uchun katta ruh va qoʻllab-quvvatlov, — deya qoʻshimcha qildi Yoʻdgor Saʼdiev.

Suhbat davomida u uzoq yillardan beri sohani qiynab kelayotgan muhim muammolardan biri — davlat xaridlari tizimiga ham toʻxtaldi.

— Eng katta muammolardan biri davlat xaridlari masalasi edi. Teatr oʻz ehtiyoji uchun biror jihoz yoki vosita sotib olmoqchi boʻlsa, birja orqali juda murakkab jarayonlardan oʻtishga majbur boʻlardi. Oqibatda esa sifatsiz mahsulotlar kelib tushardi, — dedi u.

Maʼlum qilinishicha, bu masala yuzasidan tegishli takliflar yuqori darajada koʻrib chiqilgan va amaliy yechimlar belgilangan.

— Hozirgi qarorga koʻra, 2026 yil oxirigacha davlat xaridlari madaniyat vazirligi tizimi doirasida alohida tartibda sinov tariqasida amalga oshiriladi. Keyin esa 2027 yildan boshlab bu tizimni yanada takomillashtirish rejalashtirilgan. Bu juda katta oʻzgarish, — deya taʼkidladi u.

Sanʼatkor fikricha, mazkur yangiliklar nafaqat maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytiradi, balki ijodkorlar mehnatini munosib qadrlashga ham xizmat qiladi.

— Bu qaror ortida juda katta gʻoya bor — inson qadrini ulugʻlash. Inson qadri esa, avvalo, uning mehnatini qadrlashdan boshlanadi. Bu oʻzgarishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi, — dedi u.

Uchrashuv davomida sanʼat vakillari oʻzlarini qiynayotgan barcha masalalarni erkin bildirish imkoniga ega boʻldi. Masʼullar esa har bir murojaatni joyida koʻrib chiqib, tegishli choralar belgilashga kirishdi.

Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston davlat drama teatri v.b. direktori Sardor Mansurov sohadagi dolzarb muammolar va amaliy takliflarni ochiq bayon qildi.

Suhbat davomida direktor xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlar masalasiga alohida toʻxtaldi.

— Bugungi kunda xizmat safari xarajatlari haligacha eski mezonlar asosida hisoblanmoqda. Yaʼni kunlik toʻlovlar eng kam ish haqining 8–10 foizi miqdorida belgilangan. Amalda esa bu mablagʻ xodimning kunlik ehtiyojlarini qoplashga yetarli emas, — dedi u.

Uning taʼkidlashicha, viloyatlarga xizmat safariga chiqadigan ijodkor va texnik xodimlar bir necha kun, hatto haftalab joylarda faoliyat olib boradi.

— Masalan, bir kunda oʻrtacha 37 ming soʻm atrofida mablagʻ ajratiladi. Bu esa yoʻl, ovqatlanish va boshqa xarajatlar uchun juda kam. Shuning uchun mazkur meʼyorni qayta koʻrib chiqish zarur, — deya qoʻshimcha qildi Sardor Mansurov.

Shu bilan birga, teatr muassasalaridagi moliyaviy rejalashtirish tizimi ham qayta koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan muhim masalalardan biridir. Amalda har bir teatr uchun yillik daromad rejasi belgilangan boʻlib, u koʻp hollarda xodimlar oyligiga bogʻlab qoʻyilgan. Natijada, oylik maoshlar oshgani sayin, teatrlar zimmasiga yuklanadigan moliyaviy reja ham ortib bormoqda.

Bu esa rahbarlar va maʼmuriy xodimlar uchun ortiqcha moliyaviy bosim yuzaga keltiradi. Shu sababli, mutaxassislar tomonidan teatrlarning moliyaviy rejasini ularning real imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda belgilash taklifi ilgari surilmoqda.

Xususan, teatrning daromad rejasi uning tomoshabinlar zali sigʻimiga qarab shakllantirilishi maqsadga muvofiq. Chunki 500–600 oʻrinli katta teatrlar bilan 200 oʻrinli kichik teatrlarning iqtisodiy imkoniyatlari bir xil emas. Shu jihatni inobatga olgan holda, moliyaviy rejalarni ham differentsial tarzda belgilash adolatli yondashuv boʻladi.

Oʻzbekiston davlat drama teatri v.b. direktori mazkur takliflarni amaldagi Vazirlar Mahkamasining 329-sonli qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish orqali hal etish mumkinligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida soha vakillari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar tegishli tartibda koʻrib chiqilishi taʼkidlandi.

Mazkur ochiq muloqotlar madaniyat sohasini yanada rivojlantirish, ijodkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish va milliy sanʼatni xalqaro miqyosga olib chiqish yoʻlida muhim qadam boʻlishi taʼkidlanmoqda.

 

Zulxumor Akbarova

Madina Botirjonova

Dilnura Abu Bakirova