Yaʼni uch ming yillikdan ziyod shonli tariximizni yangi Oʻzbekiston bilan bogʻlaydigan, inson va xalq qadrini ulugʻlaydigan aql-tafakkur markazi aynan Xastimom majmuasi yonida bunyod etilishi bejiz emas.
Xastimom majmuasi
nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida alohida nufuz va eʼtibor qozongan
tabarruk maskandir. Majmua tarkibidagi Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon va
Moʻyi muborak madrasalari, Tillashayx hamda Namozgoh masjidlari asrlar davomida
xalqimiz tomonidan asrab-avaylab kelinmoqda.
Koʻhna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom ziyoratgohi poytaxtning
bosh yodgorlik majmualaridan sanaladi. “Xastimom” soʻzi “Hazrati Imom”
iborasining qisqartirilgan shaklidir. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy
ziyoratgoh — Toshkent (Shosh)da tugʻilgan, musulmon olami imomlaridan biri Abu
Bakr Muhammad Qaffol Shoshiy maqbarasi nomidan olingan.
Mahalliy xalq Imom Qaffol Shoshiy hurmatidan bu joyni shunday atagan.
Mazkur tabarruk maskan koʻhna poytaxtimizning diniy-maʼrifiy, ilmiy-madaniy
markazlaridan biri boʻlgan. Zero, Toshkentda islom madaniyatining Shayx Xovand
Tohur, Zangi ota, Xoja Aʼlambardor, Suzuk ota, Yunusxon maqbaralari hamda
Abulqosim va Koʻkaldosh madrasalari, shuningdek, Xoja Ubaydullo Ahror Valiy,
Shayx Zayniddin nomlari bilan bogʻliq koʻplab tarixiy obidalari mavjud.
XIX asr
oxirlarida Toshkent toʻrtta — Beshyogʻoch, Koʻkcha, Sebzor va Shayxontohur
mustaqil hududiy mavzelariga boʻlinib, alohida-alohida boshqarilgan. Imom
Qaffol Shoshiy ziyoratgohi va atrofi bevosita u zotning nomi bilan bogʻlanib,
yuqorida aytilganidek, Xastimom (Hazrati Imom) deb atalgan.
Xastimom oʻz
davrida Toshkentning ilm-fan, hunarmandlik va savdo-sotiq markazlaridan biri
sanalgan. Bunga ushbu hududning jugʻrofiy joylashuvi, irrigatsiya inshootlari
— anhor va ariqlari goʻyo qon tomirlaridek chiroyli taralgani sabab boʻlgan.
Toshkentning sersuv anhor va ariqlari azal-azaldan barchani hayratga solib
kelgan.
Tarixiy
rivoyatlarga qaraganda, bu oʻlkada hukmronlik qilgan Kayxisrav I ning oʻgʻli
Kaykovus (ayrim manbalarda Kalkovuz) davridan beri mahalliy aholi asosan
zargarlik, mahsidoʻzlik, kulollik bilan dong taratgan. Hududdan oqib oʻtgan
Kaykovus anhoridan shaharga zilol suvlar tarala boshlagach, odamlar chorvachilik,
dehqonchilik bilan ham shugʻullanib, bogʻ-rogʻlar barpo etadilar. Shu tariqa
Xastimom hunarmandlik, savdo va ilm-fan, madaniyat markazi sifatida rivojlanib
borgan.
Xastimom mahallasi
xususida marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari bunday yozib
qoldirgan:
“Imom Qaffol
Shoshiy nomlari bilan shuhrat qozongan Xastimom mahallasi oʻz zamonasida
Toshkentning diniy, ilmiy, maʼnaviy va maʼrifiy markazi sifatida dong
chiqargan. Hozirgi diniy idoraning kutubxonasi joylashgan bino Moʻyi muborak
madrasasidir. Uzoq vaqtlar ushbu madrasada paygʻambarimiz alayhissalomning
muborak moʻylari saqlanib kelingani uchun shunday deb ataganlar. Ilm maskani
boʻlgan dargohda koʻp vaqt tasavvuf ahlining yirik namoyandalaridan biri Xoja
Ahror Valiydek zot mudarrislik qilgani haqidagi maʼlumotlar kitoblarda yozib
qoldirilgan. Moʻyi muborak madrasasi va Tillashayx masjidi joylashgan hududni
Mahvatayi mullayon, yaʼni mullalar va ahli ilmlar bilan oʻrab olingan joy, deb
atab kelganlar. Mahalliy xalq uni sal buzib “Mahvota”, deya talaffuz qiladi.
Darhaqiqat, XVI asrda Mahvatayi mullayon roʻparasida Baroqxon nomi bilan
mashhur hukmdor Navroʻz Ahmadxon tomonidan Baroqxon madrasasi ham qurib
bitkazilgan. Bu esa Xastimom mahallasi xalqning maʼnaviy hayotida muhim rol oʻynaganidan
dalolatdir”.
Rus sharqshunosi
Nil Likoshin 1918-yili Toshkentda tashkil etilgan Turkiston xalq (musulmon)
universiteti ochilishida avvalo Qaffol Shoshiy nomini ehtirom bilan tilga
olgan: “Bugun Yevropa fani Eski Toshkent qismida grajdanlik huquqiga ega
boʻlgan quvonchli bir kunda Toshkent musulmonlarining maʼrifati yoʻlida
jonbozlik koʻrsatgan fidoyi, kamtar shaxsning siymosi koʻz oʻngimizda
gavdalanadi. Men shaharning Sebzor qismida shu nomdagi qabristonga dafn
etilgan Imom Muhammad Qaffol Shoshiy yoki Hazrat Imomni esladim. Bu shaxs
bilan musulmonlar faxrlanishlari va bugun oʻzlarining birinchi ustozlarini
yaxshi soʻzlar bilan xotirlashlari lozim...”.
Afsuski,
shoʻrolarning ajdodlarimiz qadamjo va ziyoratgohlariga nisbatan oʻtmish qoldiqlari
sifatidagi ateistik munosabati natijasida bunday maskanlar eʼtibordan chetda
qoldi. Lekin har bir yurtdoshimiz qalbida oʻzi tugʻilib oʻsgan joy nomlari
tarixi, urf-odatlari va madaniyatiga mehr, qiziqish soʻnmadi. Istiqlol
ajdodlarimiz qadamjolarini obod etish bilan birga ularning faoliyati va ilmiy
merosi boʻyicha izlanishlar olib borishga keng yoʻl ochib berdi.
Umuman olganda, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Xastimom majmuasi yonida barpo etilishi tarixiy ildizlarga ega. Muhimi, markaz mahobati, maydoni va qamroviga koʻra dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini oʻrganish hamda targʻib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri sanaladi.
Neʼmatullo MUHAMMEDOV,
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik
akademiyasi
professori, tarix fanlari doktori