7-avgust kuni Milliy matbuot markazida Mikrokreditbank tomonidan “Bank tizimi islohotlarini jadallashtirish hamda xizmatlar bozori hajmini oshirish” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Tadbirda bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari Ikram Djumaniyazov, tegishli departament direktorlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Maʼlum qilinishicha, 2025-yil yakunlariga koʻra bankning aktivlari 30,6 foizga oʻsib 30,7 trln soʻmni tashkil etgan. Kredit portfeli 16,7 foizga koʻpayib 20,3 trln soʻmga, kapital 60,6 foizga oshib 5,7 trln soʻmga, depozitlar esa 24,4 foizga oʻsib 9,7 trln soʻmga yetgan. Shuningdek, 263 mln AQSH dollari miqdorida xorijiy kredit liniyalari jalb qilingan.
2026-yilning birinchi yarim yilligida bank tomonidan jami 6,8 trln soʻmlik kreditlar ajratildi. Uning 5,3 trln soʻmi kichik va oʻrta biznes subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirildi.
Jumladan:
- kichik biznes uchun — 303 mlrd soʻm;
- oilaviy tadbirkorlik dasturi boʻyicha — 1,1 trln soʻm;
- “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida — 321,1 mlrd soʻm;
- “Mening mahallam” dasturi boʻyicha — 902,6 mlrd soʻm;
- investitsiya dasturi doirasida — 2,8 trln soʻm;
- aylanmasi 100 mlrd soʻmdan yuqori boʻlgan yirik loyihalar uchun — 338,7 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan.
Ushbu mablagʻlar hisobidan yarim yil davomida 51 dan ortiq loyiha ishga tushirildi. Natijada qariyb 100 ming yangi ish oʻrni yaratildi. Shundan 14 ming nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlangan boʻlsa, 86 ming nafarga yaqini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilindi.
Mahallalarda faoliyat yuritayotgan mahalla bankirlari va yordamchi agentlar tomonidan yanvar–iyun oylarida 6,8 mingta plastik karta rasmiylashtirildi, 333 nafar aholidan 37,2 mlrd soʻm omonat jalb qilindi hamda 7 133 nafar fuqaroga 335,4 mlrd soʻm kredit ajratilishiga koʻmaklashildi.
Matbuot anjumanida bank transformatsiyasi natijasida AQSHning BNY Mellon, Turkiyaning Aktif Bank, Germaniyaning ODDO BHF, Xitoyning Xinjiang Bank va Bank of China kabi yirik moliya institutlarida vakillik hisobraqamlari ochilgani maʼlum qilindi.
Xalqaro reyting agentliklari ham bankning moliyaviy barqarorligiga ijobiy baho bermoqda. Xususan, Fitch Ratings bank reytingini BB- (“Ijobiy”) darajasidan BB (“Ijobiy”) darajasiga koʻtardi. Moodyʼs agentligi esa bankning Ba3 (“Ijobiy”) reytingini saqlab qoldi.
Matbuot anjumanida raqamli transformatsiya doirasida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar ham taqdim etildi. Jumladan, tuman va mahallalarning iqtisodiy salohiyatini tahlil qilib, avtomatik biznes-reja tayyorlaydigan sunʼiy intellekt platformasi ishlab chiqilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, kredit berish jarayonlarida sunʼiy intellektga asoslangan AI Scoring tizimini joriy etish rejalashtirilgani aytildi.
Bankda jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish uchun CRM tizimi yanada takomillashtirilgan. Natijada 2025-yilda 60 098 nafar mijozga avtomatlashtirilgan tizim orqali 2,137 trln soʻm kredit ajratildi.
Chakana xizmatlar doirasida ham yangi mahsulotlar taqdim etildi. Endi ikkilamchi bozordan uy-joy xarid qilish uchun ipoteka kreditlari yillik 21,55 foizdan, birlamchi bozor uchun esa 17 foizgacha boʻlgan stavkalarda ajratiladi.
Shuningdek, “Premium avtokredit” mahsuloti doirasida Mercedes-Benz, BMW, Toyota, Nissan, Porsche va boshqa premium rusumdagi avtomobillarni xarid qilish uchun 2 mlrd 60 mln soʻmgacha kredit ajratish yoʻlga qoʻyildi. KIA, Chery, Haval, Changan hamda qator UzAuto Motors avtomobillari uchun esa 0 foizdan boshlanuvchi avtokreditlar taklif etilmoqda.
Matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, Mikrokreditbankning 2026–2028-yillarga moʻljallangan strategiyasi anʼanaviy bankdan toʻliq raqamli va mijozga yoʻnaltirilgan ekotizimga aylanishni nazarda tutadi. Bu maqsadga erishish uchun 38 ta yirik transformatsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ular orasida 2027-yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etiladigan islomiy moliyalashtirish xizmatlari, bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan Junior Banking raqamli banki, AI Scoring kredit baholash tizimi hamda bank mijozlarini tezkor identifikatsiya qilishga xizmat qiluvchi Face ID texnologiyasini joriy etish kabi yoʻnalishlar mavjud.
Matbuot anjumani yakunida bank rahbariyati ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan savollarga javob qaytardi.