Jamiyatning tarixiy xotirasini tiklash, sivilizatsiyalar taraqqiyotining ichki qonuniyatlarini anglash va inson tajribasining uzviyligini ochib berishda arxeologik yodgorliklar va osori atiqalarning oʻrni alohida.

Moddiy madaniyat namunalari orqali xalqlarning shakllanish jarayoni, madaniy aloqalari, iqtisodiy munosabatlari va maʼnaviy qarashlari haqida ilmiy asoslangan xulosalar chiqarish mumkin. Bu esa milliy oʻzlikni anglash jarayonini aniq ilmiy dalillarga tayangan holda mustahkamlashga xizmat qiladi.

OʻzFA Antropologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori Farhod MAQSUDOV bilan suhbatimiz shu haqda boʻldi.

— Arxeologiyani faqat tarixni oʻrganish vositasi sifatida tushunish toʻgʻri emas. U, avvalo, oʻtmishni ilmiy asosda tiklashga xizmat qiladigan fundamental fan. Arxeologik manbalar esa yozma manbalar yetishmaydigan yoki umuman mavjud boʻlmagan davrlar haqida ishonchli maʼlumot beruvchi asosiy dalillardir, — deydi F.Maqsudov. — Shu bilan birga, arxeologiya millat oʻzligini anglash va namoyon etishda ham beqiyos ahamiyatga ega. Chunki arxeologik topilmalar orqali xalqimizning qadimiy ildizlari, madaniy merosi, davlatchilik anʼanalari va taraqqiyot yoʻli yaqqol namoyon boʻladi. Bu esa jamiyatda tarixiy xotirani mustahkamlash, milliy gʻurur va iftixor tuygʻusini shakllantirishga xizmat qiladi. Biroq bu oʻrinda muhim jihatni taʼkidlash joiz: arxeologiya ilm sifatida har qanday gʻoyaviy yoki siyosiy talqinlardan xoli boʻlishi, faqat dalil va ilmiy tahlilga asoslanishi kerak. Shundagina u haqiqiy tarixni tiklash va millatning oʻzligini sogʻlom, ilmiy asosda namoyon etishida qoʻl keladi.

— Antropologiya institutida bugun eʼtiborga molik qanday ishlar qilinmoqda?

— Institutimiz 2019-yili Milliy arxeologiya markazi sifatida tashkil etilgan. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, u Antropologiya instituti deb nomlandi. Ayni paytda institutimiz olimlari 20 ga yaqin arxeologik yodgorlikda tadqiqotlar oʻtkazmoqda. Insoniyatning oʻtmishini tiklash, tarixiy haqiqatni aniqlash va madaniy merosni asrab-avaylash hamda kelgusi avlodga bus-butun yetkazishda ushbu tadqiqotlarning oʻrni alohida. Qazuv ishlarining keng qamrovda bajarilishi va madaniy merosni saqlashga qaratilgan saʼy-harakatlar tarix va zamonaviy taraqqiyot oʻrtasida mustahkam koʻprik oʻrnatishga xizmat qilmoqda.

Arxeologiya bugun ilm-fan va davlat siyosati oʻrtasida muhim strategik boʻgʻin sifatida namoyon boʻlmoqda. Bir tomondan u oʻtmishni ilmiy asosda oʻrganadigan fundamental fan boʻlsa, ikkinchi tomondan davlatning madaniy merosni saqlash, milliy oʻzlikni mustahkamlash va turizmni rivojlantirish siyosatida amaliy ahamiyat kasb etmoqda.

Davlat siyosatida arxeologiyaga qaratilayotgan eʼtibor, eng avvalo, huquqiy va institutsional asoslarni mustahkamlashda namoyon boʻlayotir. Arxeologik yodgorliklarni muhofaza qilish va davlat muhofazasiga olish, noqonuniy qazish ishlarining oldini olish kabi choralar orqali madaniy merosni saqlash tizimi shakllantirilyapti. Bu esa arxeologiyani faqat akademik soha emas, balki milliy xavfsizlik va madaniy suverenitet masalasi darajasiga koʻtarmoqda. Masalan, Axsikentda arxeologik park tashkil etilgan. Bu ishlar nafaqat ilm-fan, balki turizm va madaniy siyosat uchun ham muhim natija bermoqda. Arxeologiya faqat oʻtmishni oʻrganish emas, balki kelajakni shakllantirishda ham faol ishtirok etadigan sohaga aylangan.

— Sohada qanday zamonaviy texnologiyalar qoʻllanyapti? Ular arxeologiya rivojiga nechogʻliq hissa qoʻshyapti?

— Bugun arxeologiyada GIS, dronlar, 3D modellashtirish, radiokarbon tahlil va geofizik usullar keng qoʻllanyapti. Jumladan, Milliy arxeologiya markazi Antropologiya instituti deb qayta nomlangandan soʻng ilmiy boʻlimlar tubdan isloh qilindi va qayta nomlandi. Xususan, endi institutda arxeologik antropologiya, geoantropologiya, tarixiy antropologiya va ijtimoiy-madaniy antropologiya boʻlimlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Antropologiya instituti tarkibida yangi — arxeologik geofizika boʻlimi tashkil etildi va tarkibi geofizik mutaxassislar bilan toʻldirildi. Ushbu boʻlim zamonaviy geofizik texnologiyalar yordamida arxeologik yodgorliklarning yer osti madaniy qatlamlari va qurilma shakllari, chuqurlik va holatini aniqlab, anʼanaviy qazish ishlari samaradorligini oshirish hamda notoʻgʻri qazish ortidan keladigan xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy tadqiqotlarni aniq va keng qamrovda amalga oshirishda ushbu usullar alohida ahamiyatga ega. Bu texnologiyalar arxeologiya mazmunini oʻzgartirmayapti, balki uni yanada aniq va kompleks fanga aylantirmoqda.

— Institutning xalqaro loyihalardagi ishtirokiga ham toʻxtalsangiz.

— Xalqaro loyihalarda ishtirok etish arxeologiya sohasi uchun juda katta ilmiy, metodologik va amaliy imkoniyatlar yaratadi. Birinchidan, bu milliy arxeologiyani jahon ilmiy makoniga integratsiya qilish imkonini beradi. Yaʼni mahalliy tadqiqotlar faqat ichki doirada emas, balki xalqaro ilmiy standartlar, zamonaviy yondashuvlar va yangi texnologiyalar asosida amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, xalqaro hamkorlik orqali zamonaviy laboratoriya usullari, GIS texnologiyalari, 3D modellashtirish, masofadan zondlash kabi ilgʻor metodlar amaliyotga tezroq joriy etiladi. Bu esa arxeologik tadqiqotlar aniqligi va ilmiy qiymatini oshiradi.

Uchinchidan, bunday loyihalar kadrlar tay­yorlashda ham muhim. Yosh tadqiqotchilar va mutaxassislar xalqaro ekspeditsiyalarda ishtirok etib, tajriba orttiradi, ilmiy maktablar oʻrtasida bilim almashinuvi kuchayadi.

Toʻrtinchidan, xalqaro loyihalar arxeologiya natijalarining global darajada tan olinishiga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatning ilmiy nufuzi va madaniy merosiga qiziqishni oshiradi. Masalan, AQSH universitetlari bilan hamkorlikda Toʻgʻonbuloq yodgorligida oʻtkazilgan tadqiqotlar 2024-2025-yillarda dunyodagi eng yetakchi arxeologik loyihalar qatoriga kiritildi.

— Soʻnggi yillarda qanday muhim kashfiyotlar qilindi?

— Eng muhim kashfiyotlar sirasiga Toʻgʻonbuloq va Toshbuloq yodgorliklaridagi tadqiqotlarni kiritish mumkin. Bu yerda olingan maʼlumotlar togʻli hududlarda ham qadimda rivojlangan jamoalar va shaharlashuv jarayoni mavjud boʻlganini koʻrsatdi.

Shuningdek, Axsikent va Kofirqalʼadagi tadqiqotlar shahar madaniyati va boshqaruv tizimlari haqida yangi maʼlumotlar bermoqda. Bu natijalar Markaziy Osiyo tarixi boʻyicha ilmiy qarashlarni kengaytirmoqda. Zamonaviy fanning rivojlanish samaradorligi va uning toʻgʻri yoʻnalishda ilgʻorlab borayotgani bugun maxsus ilmiy yoʻnalish — ilmmetriya orqali baholanyapti. Ilmmetriya fanni miqdoriy usullar va ilmiy axborotlarni statistik qayta ishlash orqali oʻrganadigan yoʻnalish boʻlib, ilmiy tadqiqotlarning mahsuldorligi, taʼsiri va rivojlanishini nashrlar soni, iqtiboslar darajasi hamda ilmiy taʼsir koʻrsatkichlari orqali tahlil qiladi. Bunda Scopus va Web of Science kabi xalqaro indekslangan bazalarda eʼlon qilingan maqolalar va ulardan olingan iqtiboslar koʻrsatkichi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan, 2025-yil yakuniga koʻra, Antropologiya instituti olimlari 17 ta ilmiy maqola chop ettirib, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi yetakchi ilmiy tashkilotlardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. 2030-yilga qadar har bir ilmiy xodimning yiliga kamida bir marta Scopus yoki Web of Science bazalarida indekslangan nufuzli jurnallarda maqola chop ettirishi boʻyicha aniq strategiya ishlab chiqilgan. Qator tadqiqotlar zamonaviy ilmning rivojlanish mezonlariga ham mos ravishda ilgarilab borayotganini taʼkidlash mumkin.

— Arxeologik yodgorliklarni saqlashda qanday muammolar uchramoqda?

— Oʻzbekistonda arxeologik yodgorliklarni saqlash masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan boʻlsa-da, amaliyotda qator obyektiv va tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Birinchidan, antropogen taʼsir, yaʼni inson omili bilan bogʻliq buzilishlardir. Qishloq xoʻjaligi maydonining kengayishi, qurilish ishlari va infratuzilma loyihalari baʼzi hollarda arxeologik qatlamlarga salbiy taʼsir koʻrsatayotir.

Ikkinchidan, noqonuniy qazishmalar va “qora arxeologiya” hanuzgacha jiddiy muammo boʻlib qolmoqda. Bu esa faqat moddiy yoʻqotish emas, balki tarixiy maʼlumotning yoʻqolishi demakdir.

Uchinchidan, moliyaviy va texnik resurslar cheklangani ham dolzarb masala. Arxeologik tadqiqotlar katta mablagʻ, zamonaviy laboratoriya uskunalari va malakali kadrlarni talab qiladi.

Toʻrtinchidan, tabiiy omillar — iqlim oʻzgarishi, yer eroziyasi, shamol va namlik taʼsiri ham koʻplab yodgorliklar uchun xavf tugʻdirmoqda. Ayniqsa, ochiq saqlanayotgan inshootlar vaqt oʻtishi bilan tabiiy yemirilishga uchramoqda.

Beshinchidan, kadrlar va jamoatchilik ishtirokining yetarli darajada emasligi ham ayrim hollarda seziladi. Arxeologik meros faqat mutaxassislar emas, balki mahalliy aholi, taʼlim tizimi va keng jamoatchilik ishtirokida saqlangandagina qadrli boʻladi.

Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan, yodgorliklarni davlat muhofazasiga olish, raqamlashtirish, GIS tizimlarini joriy etish va muzeylashtirish ishlari kengayayotir.

— Yosh arxeologlar uchun qanday imkoniyatlar mavjud?

— Yoshlar arxeologik ekspeditsiyalarda ishtirok etib, amaliyot oʻtayapti. Shuningdek, xalqaro loyihalar, grantlar va stajirovkalar orqali zamonaviy metodlarni oʻzlashtirish imkoniga ega. Masalan, Germaniya, AQSH, Italiya va boshqa davlatlar universitetlari bilan hamkorlikdagi arxeologik dasturlar yosh mutaxassislarga zamonaviy metodlar — GIS, 3D modellashtirish, radiokarbon tahlil va raqamli arxeologiya boʻyicha tajriba orttirish imkonini bermoqda. Raqamli arxeologiya va zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi natijasida yangi yoʻnalishlar paydo boʻldi. Bu yoshlar uchun nafaqat dala ishlarida, balki laboratoriya tahlillari, raqamli modellashtirish va ilmiy maʼlumotlarni qayta ishlash sohasida ham iqtidorini namoyish etish imkonini bermoqda. Yosh tadqiqotchilar Scopus va Web of Science kabi bazalarda indekslangan jurnallarda maqolalar chop ettirib, ilmiy faoliyatini global darajaga olib chiqish imkoniga ega.

— Institut oldida turgan rejalar xususida ham toʻxtalsangiz.

— Kelgusidagi rejalarimiz, avvalo, arxeologiyani anʼanaviy qazishma fani doirasidan chiqarib, kompleks, fanlararo va yuqori texnologik tadqiqotlar tizimiga aylantirishga qaratilgan. Bu yoʻnalishlar 2035-yilgacha boʻlgan strategik dastur doirasida belgilangan boʻlib, fundamental va amaliy bloklardan iborat.

Fundamental yoʻnalishlarda asosiy eʼtibor jamiyat va tabiiy muhit oʻrtasidagi munosabatlarni chuqur oʻrganishga qaratilgan. Jumladan, geoantropologik, arxeobotanik, arxeozoologik va bioarxeologik tadqiqotlar asosida insonning ekologik moslashuvi, tabiiy resurslardan foydalanish dinamikasi hamda madaniy landshaftlarning shakllanish qonuniyatlari oʻrganiladi. Shu bilan birga, urbanizatsiya jarayoni, shahar madaniyati rivojlanishi, ijtimoiy tabaqalanish va madaniy transformatsiyalar dinamikasi ham kompleks tahlil qilinadi. Arxeogeofizik usullar va raqamli modellashtirish orqali qadimiy shaharlar va meʼmoriy inshootlarning tarixi topografiyasi ham qayta tiklanadi. Xususan, joriy yilda University of Warsaw bilan hamkorlikda yangi arxeologik laboratoriya ochiladi. Bu orqali tadqiqotlarni xalqaro darajaga olib chiqish maqsad qilingan.

Kelgusi rejalarimiz arxeologiyani global ilm-fan tizimiga toʻliq integratsiya qilish, zamonaviy texnologiyalar bilan boyitish va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Bu esa nafaqat ilmiy natijalarni kuchaytirish, balki Oʻzbekiston arxeologiya maktabini jahon darajasidagi yetakchi markazlar qatoriga olib chiqishga xizmat qiladi.

— Davlatimiz rahbarining shu yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonida Antropologiya instituti olimlari oldiga qanday vazifalar qoʻyilgan?

— Farmonda ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlarini mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot maqsadlari bilan bogʻlash belgilangan. Bu esa antropologik tadqiqotlarning ahamiyatini yanada oshiradi. Endi doktorantlar mavzularini shakllantirishda ularning mamlakat uchun amaliy ahamiyati, ijtimoiy ehtiyojlarga javob berishi va aniq natija koʻrsatishiga katta ­eʼtibor qaratiladi.

Natijada qator yangilanishlar koʻzda tutilmoqda. Avvalo, yosh tadqiqotchilarni tayyorlash tizimi xalqaro talablarga moslashtiriladi. Doktorantlarning ilmiy rahbarlari bilan ishlash mexanizmi takomillashtirilib, ularning xalqaro ilmiy maktablar bilan hamkorligi kengayadi. Ilmiy natijalarni nufuzli xalqaro jurnallarda chop ettirish, zamonaviy tadqiqot usullarini oʻzlashtirish va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga alohida ahamiyat beriladi.

Farmonning muhim jihatlaridan biri ilm-fan va amaliyot oʻrtasidagi bogʻliqlikni kuchaytirishdir. Xususan, amaliy doktorantura dasturining joriy etilishi ilmiy tadqiqotlarning real ehtiyojlar bilan uygʻunlashuviga xizmat qiladi. Antropologiya sohasida bu demografik tahlillar, migratsiya jarayonlari, etnomadaniy merosni oʻrganish, jamoalarning ijtimoiy rivojlanishi va inson omili bilan bogʻliq davlat dasturlariga ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish imkoniyatini kengaytiradi.

Shuningdek, ilmiy kengashlar faoliyatini modernizatsiya qilish va dissertatsiyalar sifatiga qoʻyilayotgan talablarning oshirilishi sohada raqobat muhitini kuchaytiradi. Bu esa ilmiy darajalarning nufuzini oshirib, haqiqatan ham yangi bilim yarata oladigan tadqiqotchilarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Bugun antropologiya sohasida arxeologiya, tarix, genetika, geoaxborot tizimlari, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni birlashtirgan koʻp tarmoqli tadqiqotlar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yangi siyosat ana shunday integratsiyalashgan yondashuvlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Umuman olganda, mazkur farmonni Oʻzbekiston ilm-fani rivojida muhim burilish nuqtasi deb baholash mumkin. Uning amaliy natijalari yaqin yillarda ilmiy kadrlar sifati oshishi, xalqaro maydonda raqobatbardosh tadqiqotlar soni koʻpayishi va ilm-fanning mamlakat taraqqiyotidagi oʻrni yanada mustahkamlanishida namoyon boʻladi. Antropologiya instituti esa ushbu jarayonlarning faol ishtirokchilaridan biriga aylanishi shubhasiz.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.