Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Umarjon Abdurazzoqov 4 yoshida tasodifan kaustik soda ichib qo‘ygan. Bu esa uning qizilo‘ngachida og‘ir chandiqli torayishga olib kelib, vaqt o‘tishi bilan bola umuman ovqatlana olmay qolgan.
Shundan so‘ng u Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Dastlab shifokorlar uning oshqozoniga maxsus naycha o‘rnatib, ovqatlanishini vaqtincha tiklashga muvaffaq bo‘lishgan. Keyin esa murakkab jarrohlik amaliyoti zarurligi aytilgan.
Biroq ota-ona bolani xorijda davolatishga qaror qilgan. Chet elda o‘tkazilgan operatsiyadan so‘ng esa vaziyat yanada og‘irlashgan.
Umarjon yana yuqoridagi tibbiyot muassasasiga qaytarilgan. Tekshiruvlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, xorijda operatsiya paytida oshqozon yuqoriga ko‘tarilib, qizilo‘ngach o‘rniga ulangan. Bu esa yurakka bosim berib, uni siqib qo‘ygan.
Shundan so‘ng tibbiyot fanlari doktori, professor Habibulla Oqilov boshchiligidagi jamoa tomonidan qariyb 5 soatlik o‘ta murakkab operatsiya o‘tkazildi. Unda oshqozon o‘z o‘rniga qaytarilib, yo‘g‘on ichakdan yangi qizilo‘ngach shakllantirildi.
Yurtimizda ilk bor amalga oshirilgan mazkur operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Ayni paytda bolaning ahvoli yaxshi, yaqin kunlarda u oilasi bag‘riga qaytishi kutilmoqda.