Prezident topshirig‘iga muvofiq hozirda degradatsiyaga uchragan yerlarda shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani “Borli” hududida degradatsiyaga uchragan 3 gektarda “BioVak Y24” biologik preparatini qo‘llash orqali tajriba asosida 5 foizlik sho‘rlangan suv bilan g‘o‘za yetishtirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida sho‘rlangan yerlarda sho‘rlangan suv bilan  ekin yetishtirish va hosildorlikni oshirishda yangi agrotexnologiyalarni yetkazishga asos bo‘ladi.

Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan mazkur loyiha Toshkent viloyati Parkent tumanida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib,  loyihaning umumiy qiymati 4,9 mlrd so‘mni tashkil etadi, shundan 1,07 mlrd so‘mi davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratilgan. Korxona yiliga 2000 tonnadan 3000 tonnagacha dorivor o‘simliklar xomashyosini chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega.

Yana bir ahamiyatli jihati, dorivor o‘simliklar ekstraktlari asosida biologik faol moddalar olishning zamonaviy ilmiy laboratoriya bazasi yaratilib, 15 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

So‘ngi yillarda “BioVak Y24” preparati qo‘llanilganda asosiy ekin turlari bo‘yicha yuqori natijalar qayd etildi.  Xususan, mazkur preparat o‘simlik ildiz tizimini 2-3 barobar ortiqcha rivojlantiradi. Qurg‘oqchilikka qarshi yaxshigina qalqon sifatida ildizlarni 1–1,5 metr chuqurlikkacha yetib borishini ta’minlab, yer ostidagi tabiiy namlik va ozuqa qatlamini o‘zlashtirishga yordam beradi. Shuningdek, ekstremal issiqqa chidamli bo‘lib, yozning eng issiq paytida ham o‘simlikning changlanish xususiyatini saqlab qoladi, stress va o‘simlik gul tashlashining oldini oladi.

Bundan tashqari, preparat vegetatsiya davrida hosilning yetilish muddatini 20-25 kunga qisqartiradi, bu esa yetishtiruvchilar uchun vaqt va resurs tejash demakdir. Shu bilan birga, “BioVak Y24” preparati qo‘llanilganda iqtisodiy natijalarni ham qayd etildi.

Xususan, paxta ekuvchi xo‘jaliklarda an’anaviy hosilga qo‘shimcha 15 s/ga hosil olinib, har gektardan 12 mln so‘m qo‘shimcha daromad va 11,2 mln so‘m sof foyda olishga erishildi. Bug‘doy yetishtirishda esa hosildorlik an’anaviy 60 s/ga dan 80 s/ga dan yuqori ko‘rsatkichga ko‘tarildi, bu esa har gektardan 6 mln so‘m qo‘shimcha daromad va 5,4 mln so‘m sof foydani ko‘rsatadi.

Preparat 2024-2025 yil mavsumlarida respublikamizning barcha hududlaridagi fermer xo‘jaliklarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi, masalan, Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida ushbu biopreparat qo‘llanilib, gektaridan 60-68 sentnerdan hosil olindi.  Shuningdek, do‘ldan talofat ko‘rgan dalalarda preparat qo‘llanilishi natijasida 43 s/ga hosil olishga erishildi.

Qayd etish kerakki, preparatning so‘nggi yillarda pomidor va boshqa poliz ekinlarida uchrayotgan virus va zamburug‘li kasalliklarning ko‘payishini oldini olishda muhim ahamiyatga ega. “BioVak Y24” bilan ishlov berilgan maydonlarda kasallik qo‘zg‘atuvchilar bartaraf etilib, o‘simlik immuniteti mustahkamlanadi.

Natijada, hatto kasallangan o‘simliklar ham davolanib, sog‘lom, sifatli va vitaminlarga boy hosil beradi. Ilmiy kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, mazkur biopreparat o‘simlikning endogen gormonal balansini optimallashtirib, stress omillariga qarshi adaptiv qobiliyatini keskin oshiradi.

Birinchidan, ildiz tizimining 1-1,5 metrgacha chuqurlashishi agrofizika nuqtayi nazaridan o‘simlikning avtonom suv ta’minotiga o‘tishini anglatadi. Bu esa sug‘orish resurslari cheklangan sharoitda hosilni saqlab qolishning yaxshi ilmiy usuli. Ikkinchidan, preparatning fungitsid va bakteritsid xususiyatlari kimyoviy vositalarga nisbatan selektiv afzallikka ega. U tuproqdagi foydali mikroflorani nobud qilmagan holda, faqat patogenlarga qarshi biotik to‘siq yaratadi.

Ko‘rinib turibdiki, zamonaviy agrosanoat majmuasi ilm-fansiz rivojlana olmaydi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi bugungi kunda ekstensiv rivojlanishdan intensiv, ilm-fanga asoslangan taraqqiyot yo‘liga o‘tdi. Suv tanqisligi sharoitida esa suvning har qatrasini tejash shu harakatlarga qo‘shilgan munosib hissa bo‘ladi.