Muloqot davomida oliy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari hamda innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari, ilmiy ishlanmalarni amaliyot va sanoatga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda mamlakatimizning yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ham ishtirok etib, amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, universitet va sanoat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, texnologiyalar transferi mexanizmlarini takomillashtirish hamda sanoatni raqamli transformatsiya qilish boʻyicha takliflar bildirildi.
Vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov Oʻzbekistonda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berib, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish, universitet va sanoat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, texnologiyalar transferi mexanizmlarini takomillashtirish hamda raqobatbardosh innovatsion ekotizimni shakllantirish ustuvor vazifalardan ekanini taʼkidladi.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston va Fraunhofer jamiyati oʻrtasida yosh tadqiqotchilar mobilligi dasturlarini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, sanoatni raqamlashtirish, suv va yashil energetika texnologiyalari yoʻnalishida hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari negizida zamonaviy laboratoriyalar va kompetensiya markazlarini tashkil etish, robototexnika va sunʼiy intellekt yoʻnalishlarida yangi tashabbuslarni amalga oshirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda spin-off kompaniyalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.