Chegirma olish uchun kontrakt.edu.uz orqali ariza yuborish kerak. Ariza 2 ish kunida ko‘rib chiqiladi va pedagogning farzandi ekanligi tasdiqlangach, chegirma avtomatik qo‘llanadi.

Quyidagilarga chegirma berilmaydi:

oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlari uchun;

nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari uchun;

O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari uchun;

qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt uchun;

xorijiy hamkor OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlari asosida va fakultetlari uchun;

kechki, masofaviy hamda sirtqi ta’lim shakli uchun.

Pedagog farzandlariga chegirma o‘quv yili uchun bir marotaba qo‘llaniladi. Demak, har yili qaytadan chegirma olish mumkin.

Pedagog farzandlarining otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda, keyingi o‘quv yilidan boshlab unga chegirma qo‘llash to‘xtatiladi.

Ayrim savollarga javoblar:

Pedagog deganda kim tushuniladi o‘zi?

Javob: Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 9-iyunda 3849-raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan (https://lex.uz/docs/8259328) Pedagogik faoliyat bilan bog‘liq lavozimlar ro‘yxatida 465 ta lavozim nomi tasdiqlangan. Ushbu 465 ta lavozimda kim bo‘lsa, o‘shaning farzand(lar)i uchun 30 foizlik chegirma beriladi.

Maktabgacha ta’lim muassasalaridagi tarbiyachilar uchun ushbu qaror qo‘llanadimi?

Javob: Ha, qo‘llanadi. Bog‘cha tarbiyachilarining kontraktda o‘qiyotgan farzandlari uchun ham 30% chegirma qo‘llanadi.

Oliygohlardagi tyutorlarning farzandlari uchun ushbu qaror qo‘llanadimi?

Javob: yo‘q, tyutorlar ro‘yxatdan mavjud emasligi sababli ularning farzandlariga chegirma berilmaydi.

O‘quv markazlaridagi o‘qituvchilarning farzandlari uchun ushbu qaror qo‘llanadimi?

Javob: yo‘q, o‘quv markazlari ro‘yxatdan mavjud emasligi sababli ularning farzandlariga chegirma berilmaydi.

To‘liq bo‘lmagan grantda o‘qiyotgan (50% davlat granti, 50% kontrakt) talabaning kontrakt summasi uchun ham chegirma beriladimi?

Javob: ha, chegirma beriladi. 50% kontrakt qismi uchun 30% chegirma qo‘llanadi.

Qaror chiqqunga qadar 2026/2027 o‘quv yili uchun to‘liq yoki qisman kontrakt to‘lovini to‘lab qo‘yganlar uchun chegirma qanday hisoblanadi? Ortiqcha to‘langan summa qaytariladimi yoki keyingi yil hisobi uchun o‘tkaziladimi?

Javob: ha, to‘lab qo‘yganlar uchun ham chegirma qo‘llanadi va ortiqcha to‘langan summani istasa qaytarib olishi, istasa kelasi o‘quv yili uchun o‘tkazib yuborishi mumkin.

Pedagog xususiy ta’lim tashkilotida ishlasa ham chegirma beriladimi yoki faqat davlat ta’lim tashkilotida ishlashi kerakmi?

Javob: xususiy ta’lim tashkilotida, masalan, xususiy oliygoh, xususiy maktab yoki xususiy bog‘chada ishlayotgan pedagoglarning farzandlari uchun ham 30% chegirma beriladi.

Qo‘shimcha savollarni Telegram botimiz (@uztdibot (https://t.me/uztdibot))ga yuborishingiz mumkin.