Bu haqida "Dunyo" AA maʼlum qildi. 

Qayd etilishicha, muloqot davomida O‘zbekiston Madaniy meros agentligi vakillari Buxorodagi Poyi Kalon majmuasini restavratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Mazkur majmua Buxoroning tarixiy markazi tarkibiga kiruvchi muhim madaniy meros obyekti hisoblanadi.

Uchrashuvda YuNESKO tomoni O‘zbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholab, tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ijobiy baho berdi.

Shuningdek, “CRATerre” vakillari “Poyi Kalon”ni restavratsiya qilish loyihasini xalqaro ilg‘or tajriba va zamonaviy yondashuvlar asosida birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Tomonlar majmuaning yuqori tarixiy va madaniy ahamiyatini inobatga olgan holda, ushbu tashabbus xalqaro hamkorlikning namunaviy loyihasiga aylanishi mumkinligini taʼkidladi.

Uchrashuvda, shuningdek, majmuani uzoq muddatli saqlash maqsadida ko‘p yillik kompleks konservatsiya rejasini ishlab chiqish, mahalliy mutaxassislarni jarayonga keng jalb qilish va ularning restavratsiya hamda madaniy merosni boshqarish sohasidagi malakasini oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Suhbat yakunida “CRATerre” va YuNESKO Jahon merosi markazi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Tashrif davomida ekspertlar Poyi Kalon majmuasining texnik holatini joyida o‘rganib, mahalliy mutaxassislar bilan maslahatlashishi hamda loyiha tafsilotlarini muhokama qilishi rejalashtirilgan.