Mazkur musobaqada Qozog‘iston terma jamoasi medallar jamg‘arish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan edi.
“Ushbu
turnirga terma jamoamiz bosh murabbiyi Nurjan Nasanov asosiy yetakchilarni olib
bordi va natijada to‘rtta oltin medal qo‘lga kiritildi. O‘zbekiston esa
ikkinchi-uchinchi raqamli tarkib bilan kelib, uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu
nimani anglatadi? O‘zbekistonda zaxira borasida hech qanday muammo yo‘q", —
dedi Tursunqali Edilov.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, Ulan-Batordagi musobaqada ayrim
qozoqistonlik bokschilar kutilgan natijani ko‘rsata olmadi.
"O‘zbekiston jamoasida ham hamma birdek yaxshi chiqish
qilmadi. O‘rta vazn toifasida Asadullaev muvaffaqiyatsiz ishtirok etdi. Ammo
umumiy taassurot shuki, ularning aksariyati juda istiqbolli yigitlar. Madaminov
-65 kg vaznda eng yaxshisi bo‘ldi, Erkinboev yarim og‘ir vaznda nihoyatda
raqobatbardosh ekanini ko‘rsatdi, yosh Mamasoliev esa -90 kg gacha bo‘lgan vazn
toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etdi. Qo‘shni mamlakatda aksariyat olimpiya vazn
toifalarida raqobat juda kuchli. U yerda yoshlar yetakchilarga bo‘shashishga imkon
bermaydi. Bizda-chi? Qator vaznlarda murabbiylar kimni yuborishni o‘ylab qolishadi
yoki bitta yetakchi bor-u, uning ortida esa bo‘shliq", — deya fikr bildirdi
mutaxassis.
Qozog‘iston terma jamoasining sobiq murabbiyi, shuningdek,
o‘zbekistonlik murabbiylar ushbu turnirda nafaqat o‘z yosh bokschilarini sinovdan
o‘tkazganini, balki qozoqistonlik sportchilarni ham sinchiklab o‘rganganini qayd
etdi.
"Men ko‘p bora aytganman: bizdagi katta muammo shundaki,
O‘zbekistonda bokschilarni biznikilarga qarshi janglarga juda jiddiy tayyorlashadi.
Bizda esa go‘yoki bunday yondashuv yetishmaydi. Masalan, Mahmud Sabirxon bilan Shahzod
Muzaffarov o‘rtasidagi jangni oling. Avval ular uch bor to‘qnash kelishgan va har
safar bizning bokschi oson g‘alaba qozongan edi. Bu safar esa ikki karra jahon
chempioni g‘alabani tom ma’noda “tishlari bilan sug‘urib oldi”. Shu bois, Osiyo
o‘yinlarida bizning bokschilarimiz o‘zbekistonlik raqiblarga qarshi juda qiyin
janglar o‘tkazadi, deb o‘ylayman. Chunki ular bizni puxta o‘rganib chiqishgan, biz
esa ularning yetakchilarini yetarlicha tahlil qilmaganmiz", — dedi Edilov.
Eslatib o‘tamiz, yozgi Osiyo o‘yinlari 19 sentyabrdan 4
oktyabrgacha Yaponiyaning Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadi. Qozog‘iston erkaklar terma
jamoasi ushbu turnirda so‘nggi bor 2014 yilda g‘olib chiqqan bo‘lib, undan keyingi
ikki Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatsizlikka uchragandi.