Ayniqsa, chiqindilarni belgilanganmagan joylarga tashlash holatlari koʻpaygani tashvish uygʻotmoqda.
Xususan, Chorvoq erkin turistik zonasi hududida qurilishlar 2020 yilga nisbatan 10 barobarga oshgan. Bu esa ayrim loyiha egalari tomonidan chiqindilarni ekologik meʼyorlarga rioya qilmasdan turli joylarga tashlash holatlarining ortishiga sabab boʻlgan.
Qonunchilikka koʻra, bunday qoidabuzarliklar uchun javobgarlik qatʼiy belgilangan. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiq, chiqindilarni belgilanganmagan joyga tashlash fuqarolar va mansabdor shaxslarga jarima qoʻllanilishiga olib keladi. Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida takrorlansa, jazo choralari yanada kuchaytiriladi.
Hozirda maxsus komissiya tomonidan respublika boʻylab doimiy reydlar oʻtkazilmoqda. Ushbu jarayonga Bosh prokuratura, IIV, FVV, Milliy gvardiya, ekologik va turizm nazorati organlari hamda mahalliy hokimliklar jalb etilgan. 10 apreldan boshlab joylarda keng qamrovli tekshiruvlar boshlandi.
Tekshiruvlar avvalo Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chorvoq hududida oʻtkazildi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2020–2021 yillarda ikki chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib yopilgan. Hozirda esa chiqindilar Parkent tumanidagi poligonga olib borilmoqda.
Shuningdek, nazoratni kuchaytirish maqsadida hududda 10 ta nuqtaga videokuzatuv uskunalari oʻrnatildi. Yaqin vaqtda yana 40 ta joyda kameralar oʻrnatilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, respublika boʻylab ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan 10 kunlik tadbirlar oʻtkazilmoqda. Ushbu davrda ham qurilish chiqindilarini noqonuniy tashlash bilan bogʻliq 11 ta holat aniqlanib, tegishli choralar koʻrildi.