Tashrif davomida “Yangi Oʻzbekiston” massivini rivojlantirish ishlari koʻzdan kechirilib, shuningdek, taʼmirga muhtoj ijtimoiy obyektlar holati oʻrganildi. Jumladan, musiqa maktabi kabi yangilanishi lozim boʻlgan muassasalar bilan bir qatorda, Geologlar mahallasida joylashgan bolalar bogʻchasi ham koʻrikdan oʻtkazildi.

Qayd etilishicha, mazkur bogʻcha faqat kapital taʼmirlanib qolmay, balki tubdan qayta qurilishi rejalashtirilgan. Rekonstruksiya ishlari yakunlanganidan soʻng u Samarqanddagi eng yirik maktabgacha taʼlim muassasalaridan biriga aylanib, 600 nafargacha bolani qabul qilish imkoniga ega boʻladi.

Shuningdek, tashrif yakunida viloyat va tumanlar rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazilib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan barcha oʻzgarishlar mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning muhim qismi hisoblanadi. Shu bilan birga, joylarda davlat rahbari topshiriqlari ijrosini taʼminlash, mavjud holatni bevosita oʻrganish maqsadida bunday tashriflar muntazam amalga oshirilishi qayd etildi.