Qayd etilishicha, bozor infratuzilmasini takomillashtirish, savdo va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda bozor hududida zamonaviy «Situatsion markaz» tashkil etilgan. U orqali hududga kirib-chiqayotgan avtotransport vositalari harakati, savdo jarayonlari, avtoturargohlar bandligi, kuzatuv kameralar orqali xavfsizlik holati hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratilmoqda.
Shuningdek, raqamli nazorat tizimini joriy etish doirasida «aqlli kamera»lar o‘rnatish va kabel tarmoqlarini tortish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti. Yangi tizim orqali bozorga kirib-chiquvchi transport vositalari hisobi yuritilishi, davlat raqam belgilarini aniqlanishi hamda avtomobillarning savdo maydonlariga joylashuvi nazorat qilinishi ko‘zda tutilgan.
Bozor hududida boshqaruv va raqamlashtirish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida hudud 9 ta funksional blokka ajratildi. Jumladan, ayrim hududlar avtotransport vositalari savdosi uchun, boshqalari esa vaqtinchalik va doimiy avtoturargoh sifatida qayta tashkil etildi. Ma’muriy binolar hamda ehtiyot qismlari savdosi uchun alohida hududlar belgilandi.
Infratuzilmani tartibga keltirish ishlari doirasida omborxonalar va avtoservislar qayta tashkil etilishi rejalashtirilgan. Hududda tartibsiz joylashgan konteynerlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning 100 dan ortig‘i tartibli joylashtirildi. Tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida zamonaviy talablar asosida «namunaviy konteyner» namunasi ham tayyorlandi.
Shu bilan birga, bozorga kirish uchun qo‘shimcha yondosh yo‘l loyihasi ishlab chiqildi. Hududda asfaltlash ishlari olib borilmoqda va avtotransport vositalari uchun yangi joylashuv o‘rinlari tashkil etilyapti.
Bozor hududidagi savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va inshootlar soliq hamda kadastr mutaxassislari ishtirokida qayta xatlovdan o‘tkazilmoqda.
Fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida avtomobillarni oldindan joylashtirish imkonini beruvchi Click Avto mobil ilovasi ishlab chiqildi. Ayni paytda dasturga tegishli ma’lumotlarni kiritish ishlari davom etmoqda.