Kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, quyidagi shaxsga doir maʼlumotlar Oʻzbekiston hududida saqlanishi shart:

  • shaxslarning biometrik maʼlumotlari;
  • shaxslarning genetik maʼlumotlari;
  • Oʻzbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning maʼlumotlari.

Yuqorida koʻrsatilmagan shaxsga doir maʼlumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, Oʻzbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:

  • chet davlatni shaxsga doir maʼlumotlarning bir xil himoya qilinishini taʼminlovchi davlat sifatida tan olish;
  • operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
  • roʻyxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir maʼlumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.