Mazkur tadbirlar doirasida mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiqligi baholanmoqda.

Xususan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2026 yilning o‘tgan sakkiz oyida 60 turdagi 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazildi.

Natijada 73 nomdagi mahsulot normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish hamda qonunchilikka muvofiq chora ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborildi.

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarning salomatligi va huquqlarini himoya qilish maqsadida nazorat xaridi tadbirlarini davom ettiradi.