20 oktabr kuni «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ–1183-son Qonun qabul qilindi.

Qonun bilan Soliq kodeksining 111 va 112-moddalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Unga koʻra, soliq toʻlovchi yoki soliq agentining bankdagi hisobvaraqalari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror soliq organi rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan qabul qilinishi mumkin.

Agar soliq toʻlovchi yoki soliq agenti ushbu qarorga eʼtiroz bildirilsa, soliq organi eʼtiroz taqdim etilgan kundan keyin uch kundan kechiktirmay sudga ariza kiritishi mumkin. Bunday holatda hisobvaraqalar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish masalasi sud tomonidan hal qilinadi. Sud qaror qabul qilguniga qadar operatsiyalar toʻxtatib turiladi.

Shuningdek, Soliq kodeksining 111-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan holatlar soliq toʻlovchi yoki soliq agenti tomonidan bartaraf etilsa, soliq organi operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorini 112-moddaga muvofiq bekor qiladi.

Kodeksning 112-moddasiga operatsiyalarni toʻxtatib turishni rad etish toʻgʻrisidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgan kunni nazarda tutuvchi yangi asos ham qoʻshildi.

Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq, bank hisobvaraqalari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish haqidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:

  • soliq toʻlovchi tomonidan operatsiyalarni toʻxtatib turish uchun asos boʻladigan qonun talablari buzilganini tasdiqlovchi dalil;

  • soliq organi soliq toʻlovchiga operatsiyalar toʻxtatib turilishi haqida xabarnoma yuborganini tasdiqlovchi dalil;

  • soliq toʻlovchining soliq organi qarori yuzasidan bildirgan eʼtirozi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.