Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Uch tomonlama tuzilgan ushbu bitim Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, “Vision International Investment Company” prezidenti va bosh ijrochi direktori Omar Al-Maydani, “KOS Construction Mekanik Elektrik Fe LLC” kompaniyasi bosh direktori Subutay Gyuzel tomonidan imzolandi.
Shunga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi missiyasi rahbari oʻrinbosari Marion Edel ham ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, shifoxona Markaziy Osiyoda DXSh modeli asosida amalga oshirilayotgan eng yirik sogʻliqni saqlash obyektiga aylanishi kutilyapti.
Loyihaning umumiy investitsiyaviy qiymati qariyb 300 million AQSh dollarini, qurilish muddati esa 36 oyni tashkil etadi.
Yangi tibbiyot majmuasi Fargʻona viloyatidagi beshta mavjud ixtisoslashtirilgan muassasani yagona kompleksga birlashtiradi. Mintaqa va unga tutash viloyatlar aholisiga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, organlar transplantatsiyasi, nefrologiya hamda ortopediya yoʻnalishlarida uchinchi darajali yuqori texnologik tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, majmua tarkibida 160 oʻrinli intensiv terapiya va shoshilinch tibbiy yordam boʻlimlari hamda barcha yordamchi klinik xizmatlar boʻlishi ko‘zda tutilgan.
Xususiy sherik — “Vision International Investment Company” (Saudiya Arabistoni) va “KOS Construction Mekanik Elektrik Fe LLC” (Oʻzbekiston) kompaniyalaridan iborat konsortsium — loyihaning toʻliq sikli uchun masʼul boʻladi.
Loyiha tuzilmasi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC, Jahon banki guruhi)ning strategik koʻmagida hamda Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) moliyaviy qoʻllab-quvvatlashi bilan ishlab chiqilgan.
Shifoxonaning ilgʻor diagnostika va davolash infratuzilmasi bilan jihozlanishi resurslardan foydalanish samaradorligini oshirib, xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilaydi va bemorlarning davolanish uchun boshqa xorijiy davlatlarga borishiga hojat qoldirmaydi.
Yangi loyiha davlat va xususiy sektorning sogʻliqni saqlash sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorligining pilot namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda.