Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hududidagi Xangaronsoy soyi bilan bog‘liq.
Ushbu hududda burg‘ulash ishlari vaqtida chiqqan neft xomashyosini to‘plash uchun vaqtinchalik hovuzlar barpo etilgan bo‘lib, ular ERIELL Group tomonidan tashkil qilingan.
23 aprel kuni kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida soydagi suv ko‘payib, vaqtinchalik dambalardan toshib o‘tgan. Oqibatda neft aralashgan suvlar quyi hududlarga tarqalib, Surxondaryo daryosigacha yetib borgan.
Qayd etilishicha, shu kunning o‘zida mutaxassislar tomonidan dambalar tiklanib, neft oqib chiqishi to‘liq bartaraf etilgan.
Hozirda suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan sel-toshqin xavfi mavjud hududlarda nazorat kuchaytirilgan, kechayu-kunduz navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan.