Shu maʼnoda, turkiy davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilishida aynan taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar strategik ahamiyat kasb etmoqda. Chunki mazkur yoʻnalishlar nafaqat iqtisodiy oʻsish yoki kadrlar tayyorlashga, balki xalqlar oʻrtasidagi maʼnaviy yaqinlik, umumiy sivilizatsion makon va kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz saʼy-harakati bilan turkiy davlatlar
bilan munosabatlarda mutlaqo yangi muhit shakllandi. Ayniqsa, oliy taʼlim,
ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi keng koʻlamli loyihalar turkiy
integratsiyaning amaliy mexanizmiga aylanib bormoqda. Ayni paytda Turkiya,
Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon va Turkmaniston bilan yuzlab
universitetlararo shartnomalar, qoʻshma taʼlim dasturlari, akademik
almashinuvlar va ilmiy tadqiqot loyihalari amalga oshirilayotgani shundan
dalolat.
Yaqinda Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar
tashkilotining norasmiy sammitida ham taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar va
sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlik turkiy integratsiyaning ustuvor
yoʻnalishi sifatida eʼtirof etildi. Xususan, Toshkentdagi Markaziy Osiyo
atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetida Turkiy davlatlar
yoshlari uchun 2026-2027 oʻquv yilida 50 ta grant ajratilishi maʼlum qilindi.
Bu tashabbus turkiy davlatlar oʻrtasida ekologik ilm- fan va “yashil” taʼlim
sohasida hamkorlikning yangi yoʻnalishini shakllantirmoqda.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oliy taʼlim muassasalari
oʻrtasida 280 dan ortiq shartnoma va memorandumlar amal qilmoqda. Soʻnggi yillarda
ikki davlat oʻrtasida talabalar almashinuvi keskin oshdi. Xususan, 2025/2026
oʻquv yilida Oʻzbekiston OTMlarida tahsil olayotgan qozogʻistonlik talabalar
soni 1000 dan oshgan. Shu bilan birga, Qozogʻiston oliy taʼlim muassasalarida
5500 dan ziyod oʻzbekistonlik talaba oʻqimoqda. Oʻz navbatida, oliygohlar
filialini ochish amaliyoti turkiy taʼlim integratsiyasining yangi bosqichini
boshlab berdi. Janubiy Qozogʻiston universitetining Chirchiq shahridagi
filiali hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash
muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetining Olmaotadagi filiali
ana shunday muhim loyihalardan. Bu kadrlar tayyorlash bilan bir qatorda umumiy
taʼlim standartlarini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Qirgʻiziston bilan hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda.
Ikki mamlakat oliygohlari oʻrtasida 90 dan ortiq shartnoma va memorandum
imzolangan. 2023-yili Oʻsh shahrida, 2024-yili esa Samarqandda ikki davlat
rektorlarining forumi oʻtkazilib, oʻnlab yangi kelishuvlarga erishildi. Bu
forumlar turkiy davlatlar oliy taʼlim makonini shakllantirishda muhim
platforma vazifasini bajarmoqda.
Oʻzbekiston tomonidan qirgʻiz yoshlari uchun davlat
grantlari ajratilishi ham muhim. 2021-yildan boshlab Qirgʻiziston fuqarolari
uchun har yili 100 ta davlat granti ajratilyapti. Bu esa taʼlim orqali inson
kapitali integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Ozarbayjon bilan hamkorlikda esa madaniy-maʼrifiy
yoʻnalishlar alohida oʻrin tutadi. Ikki mamlakat oliygohlari filologiya,
adabiyot, sanʼat, turizm, neft-gaz ishi va tibbiyot sohalarida qoʻshma
tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida
Fuzuliy nomidagi Ozarbayjon madaniyati, taʼlimi va tadqiqotlari markazi
faoliyat yuritishi, Bokuda Alisher Navoiy ilmiy markazi tashkil etilishi ikki
xalq oʻrtasidagi maʼnaviy yaqinlikning yorqin namunasidir. Bu kabi markazlar
turkiy xalqlarning umumiy adabiy va madaniy merosini chuqur oʻrganishga xizmat
qilmoqda.
Turkiy davlatlar integratsiyasining maʼnaviy
asoslarini mustahkamlashda buyuk ajdodlar merosini birgalikda oʻrganish va
targʻib qilish muhim. Ayniqsa, hazrat Alisher Navoiy merosi turkiy xalqlarni
birlashtiruvchi ulkan maʼnaviy koʻprik vazifasini bajarmoqda. 2026-yil
13-fevral kuni TURKSOY bosh qarorgohida Alisher Navoiy tavalludining
585-yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy — turkiy adabiyotning buyuk
namoyandasi” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazildi. Unda turkiy dunyo
mamlakatlarining ilm-fan, adabiyot va diplomatiya sohasi vakillari, nufuzli
olimlar va ijodkorlar ishtirok etdi.
TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev Navoiyni turkiy
dunyoning umumiy vijdoni va sivilizatsion timsoli sifatida eʼtirof etdi.
Anjumanda Navoiy asarlarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish,
qoʻlyozmalarni oʻrganish, nashr va tarjima ishlarini kengaytirish masalalari
muhokama qilindi. Xususan, “Xamsa”ning ozarbayjon tiliga toʻliq tarjima qilinib
nashr etilgani, “Mahbub ul-qulub” asarining qator turkiy tillarga oʻgirilgani
Navoiy merosining umumturkiy maʼnaviy boylikka aylanganini koʻrsatadi.
Anjuman doirasida Toshkent davlat oʻzbek tili va
adabiyoti universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro ilmiy loyihalar
taqdim etildi. Shuningdek, turkiy dunyo madaniyati va adabiyoti rivojiga
qoʻshgan hissasi uchun qator oʻzbek olim va ijodkorlarining TURKSOY medali
bilan taqdirlanishi ham maʼnaviy hamkorlikning yuksak eʼtirofi boʻldi.
Turkiy davlatlar oʻrtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikda
turkologiya sohasi alohida oʻrin tutadi. 2025-yil 8-aprel kuni Boku Slavyan
universitetida I turkologik qurultoyning 100-yilligiga bagʻishlangan xalqaro
turkologik tadqiqotlar konferensiyasining oʻtkazilishi bu boradagi hamkorlik
yangi bosqichga koʻtarilayotganini koʻrsatdi. Anjumanda Ozarbayjon Milliy
Fanlar akademiyasi, Turkiya, Qozogʻiston va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari
rahbarlari, yetakchi olimlar hamda Namangan davlat universiteti delegatsiyasi
ishtirok etdi. Konferensiya doirasida turkologiya sohasidagi ilmiy
tadqiqotlarning istiqbolli yoʻnalishlari, umumiy tarixiy-madaniy merosni
oʻrganish va xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama
qilindi.
Turkmaniston bilan hamkorlikda esa gumanitar va ilmiy
yoʻnalishlar uygʻun rivojlanmoqda. Oʻzbekiston va Turkmaniston olimlari oʻrtasida
qoʻshma tadqiqotlar, olimpiadalar, xalqaro konferensiyalar va ilmiy loyihalar
muntazam tashkil etilmoqda. Xususan, ikki mamlakat oʻrtasida qoʻshma ilmiy
loyihalar tanlovining yoʻlga qoʻyilishi va 2024-yildan boshlab 4 ta qoʻshma
tadqiqotning moliyalashtirilishi muhim oʻringa ega.
Turkiya bilan hamkorlik esa turkiy integratsiyaning
eng yirik va institutsionallashgan yoʻnalishlaridan. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston
va Turkiya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 200 dan ortiq hamkorlik
shartnomasi imzolangan. Ikki mamlakat rektorlari forumlari doirasida esa
oʻnlab yangi loyihalarga start berildi.
Turkiyaning nufuzli universitetlari bilan qoʻshma
taʼlim dasturlari, texnoparklar, muhandislik va yuqori texnologiyalar sohasidagi
loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, TUSAŞ kompaniyasi bilan dron
texnologiyalari boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish, “Yildiz” texnoparki
konsepsiyasi asosida innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkini barpo
etish, Toshkentda Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti
filialining faoliyati turkiy innovatsion hamkorlikning yangi modelidir.
Bugun turkiy davlatlar integratsiyasi faqat madaniy
yaqinlik yoki tarixiy mushtaraklik bilan cheklanib qolmayapti. Endi u
innovatsiyalar, startaplar, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt,
muhandislik va ilmiy tadqiqotlar orqali yangicha mazmun kasb etmoqda.
Shu bilan birga, turkiy davlatlar oʻrtasida akademik
mobillikning kuchayishi, diplom va kvalifikatsiyalarni oʻzaro tan olish, yagona
taʼlim platformalarini yaratish, ilmiy jurnallar va tadqiqot fondlarini
tashkil etish boʻyicha takliflar ham ilgari surilmoqda. Eng muhimi, mazkur
jarayonlar ortida inson kapitaliga investitsiya, yosh avlodni umumiy
qadriyatlar asosida tarbiyalash va intellektual birlikni taʼminlash gʻoyasi
mujassam. Chunki XXI asrda davlatlar taqdiri neft yoki gaz bilan emas, balki
bilim, texnologiya va innovatsiyalar bilan belgilanadi. Shu maʼnoda, taʼlim,
ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik turkiy davlatlar
integratsiyasining eng barqaror, eng istiqbolli va eng kuchli drayveriga
aylanmoqda. Bu jarayon turkiy xalqlarni yanada yaqinlashtirish barobarida
Yevroosiyo makonida yangi intellektual va texnologik markaz shakllanishiga ham
xizmat qiladi.
Turkiy davlatlar integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqayotgan muhim omillardan biri oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi institutsional hamkorlikning mustahkamlanayotganidir. Bugun Oʻzbekiston 100 dan ortiq oliy taʼlim muassasasini birlashtirgan.
Turkiy universitetlar ittifoqi (TÜRKÜNİB)ga 2025-2026-yillarda raislik qilayotgani mamlakatimizning mazkur yoʻnalishdagi faol va tashabbuskor siyosatini yaqqol namoyon etmoqda. 2025-yil 15-oktyabr kuni Toshkent xalqaro universitetida “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari” doirasida ittifoqning 8-bosh assambleyasi boʻlib oʻtdi. Assambleyada Ozarbayjon, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Vengriya, Shimoliy Kipr va Oʻzbekistondan 69 ta universitetning qariyb 200 delegati qatnashdi.
Tadbir doirasida “TurkBarometer” loyihasi natijalari
taqdim qilinib, turkiy davlatlardagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va
integratsiya tendensiyalari muhokama qilindi. U2U – “University-to-University”
formatidagi uchrashuvlar esa universitetlararo yangi sheriklik aloqalari uchun
amaliy maydon vazifasini oʻtadi.
Bugun turkiy davlatlar oʻrtasida yagona akademik
makonni shakllantirishga xizmat qilayotgan muhim institutsional platformalardan
biri Toshkent shahrida tashkil etilgan Turkiy davlatlar xalqaro
universitetidir. Mazkur universitet turkiy mamlakatlar oʻrtasida taʼlim,
ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, zamonaviy
kadrlar tayyorlash va qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat
qilmoqda.
Universitetda taʼlim yoʻnalishlari, boshqaruv modeli
va akademik jarayonlar turkiy davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro integratsiya
tamoyillari asosida shakllantirilmoqda. Shuningdek, mazkur oliy taʼlim
muassasasi professor-oʻqituvchilar va talabalar akademik almashinuvini
kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish
uchun muhim muloqot maydoni vazifasini bajarmoqda.
Turkiy davlatlar oʻrtasidagi integratsiya faqat taʼlim va ilm-fan bilan cheklanib qolmayapti. Yoshlar siyosati, talabalar almashinuvi va sport diplomatiyasi ham mazkur jarayonning muhim qismiga aylanmoqda. Xususan, 2025-yil sentyabrda Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida oʻtkazilgan Turkiy davlatlar III universiadasida Oʻzbekiston delegatsiyasidan 80 nafar talaba-sportchi ishtirok etdi. Mazkur musobaqalar turkiy mamlakatlar yoshlari oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish hamda umumiy yoshlar makonini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bugun turkiy davlatlar oʻrtasida shakllanayotgan intellektual hamkorlik nafaqat universitetlar yoki ilmiy muassasalarni, balki xalqlarni ham bir-biriga yaqinlashtirmoqda. Bu esa umumiy tarix va maʼnaviy merosga tayangan holda zamonaviy taraqqiyotning yangi modelini yaratish imkonini bermoqda. Shu maʼnoda, taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar turkiy davlatlarning umumiy kelajagini bogʻlab turuvchi eng kuchli maʼnaviy va intellektual koʻprikka aylanmoqda.
Nazokat
ABDUQUNDUZOVA,
Oliy taʼlim, fan va
innovatsiyalar
vazirligi axborot xizmati
rahbari