Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 14-avgustdagi qarori bilan Tezkor toʻlovlar tizimi orqali telefon raqami asosida pul oʻtkazmalarini amalga oshirish qoidalari tasdiqlandi. Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtgach kuchga kiradi.

Yangi tartibga koʻra, fuqaroning mobil telefon raqami uning bank hisobvaragʻiga bogʻlanadi. Bir bank doirasida telefon raqamini faqat bitta bank hisobvaragʻiga biriktirishga ruxsat beriladi.

Pul oʻtkazish uchun toʻlovchi bank mobil ilovasida oluvchining telefon raqami yoki maxsus “bogʻlash kodi”ni kiritadi. Tizim orqali oluvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va unga xizmat koʻrsatuvchi bank haqidagi maʼlumotlar aniqlanadi.

Shundan soʻng toʻlovchi oluvchining maʼlumotlari toʻgʻriligini tekshiradi va pul oʻtkaziladigan bankni tanlaydi. Benefitsiar bank toʻlov hujjatini tasdiqlaganidan keyin mablagʻ oʻtkazmasi amalga oshiriladi.

Mobil ilova orqali amalga oshiriladigan oʻtkazmalar 24/7 rejimida, real vaqtda amalga oshiriladi.

Bunda pul oʻtkazilishidan oldin toʻlovchiga operatsiya summasi, oluvchining F.I.O., uning banki hamda vositachilik haqi haqida maʼlumot koʻrsatiladi. Yakuniy tasdiqlash shundan keyin amalga oshiriladi.

Oluvchining hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlardan fuqaro cheklovlarsiz foydalanishi banklar tomonidan taʼminlanishi kerak.