Ushbu bosqich doirasida 1 197 ta kam ta’minlangan oilaga quyosh panellari bepul o‘rnatiladi. Yangi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Buxoro viloyatlarini qamrab oladi. Oilalar ro‘yxati “Temir daftar” reestri asosida hududlar hokimliklari bilan hamkorlikda shakllantiriladi.
“Bugun yurtimizda aholini ishonchli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash bilan bir qatorda, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Yorqin xonadon” loyihasi esa bu ikki muhim vazifani uyg‘unlashtirgani bilan ahamiyatli. U ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy soha obyektlarga quyosh energiyasidan foydalanish imkonini berib, ularning elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi”,
— dedi O‘zbekiston Energetika vaziri Sherzod Xodjayev.
Loyiha doirasida hozirga qadar Surxondaryo, Buxoro, Toshkent, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 580 ta oila hamda 334 ta ijtimoiy soha obyekti — maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti va qishloq vrachlik punktlari quyosh panellari bilan ta’minlangan.
“Qayta tiklanuvchi energiya manbalari — barqaror kelajakning muhim asoslaridan biri. “Yorqin xonadon” loyihasi doirasida ishonchli va samaradorligi yuqori bo‘lgan quyosh panellaridan foydalanilmoqda. Bu tashabbus ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy obyektlarning elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish bilan birga, ularga ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotish orqali qo‘shimcha daromad olish imkonini ham beradi”, — dedi “Acwa” kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Jon Zaidiy.
Yakuniy bosqich bilan birga “Yorqin xonadon” loyihasi 3 100 dan ortiq oila va ijtimoiy soha obyektini qamrab oladi. Loyiha ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, ularning energiya xarajatlarini kamaytirish va mamlakatda “yashil” energetikani rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: “Acwa” kompaniyasi O‘zbekistonda 2019-yildan buyon faoliyat yuritadi, mamlakat energetika tarmog‘idagi asosiy investor sanaladi va uning uzoq muddatli ustuvor rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Hozirda O‘zbekiston “Acwa” uchun investitsiyalar hajmi bo‘yicha Saudiya Arabistonidan keyin ikkinchi bozorga aylangan. Kompaniya mamlakatda umumiy quvvati 13,9 GVt va umumiy investitsiyalar hajmi 16,5 mlrd AQSh dollariga teng 19 ta loyihani amalga oshirmoqda, ular shamol va quyosh energetikasini, energiya saqlash tizimlarini, an’anaviy generatsiya va yashil vodorod yo‘nalishlarini qamrab oladi.