“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi, 1993-yilda tugʻilgan fuqaroning avtomashinasi hamda yashash xonadondagi ashyolar xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

Tezkor tadbir davomida 1,1 kilogramm “Alfa-PVP”, 1,9 kilogramm marixuana, 65 gramm geroin va 16 gramm 5F-APINACA giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, xonadondan giyohvandlik vositalarini qadoqlashda foydalanilgan zip-paketlar va elektron tarozi ham aniqlanib, dalil sifatida rasmiylashtirildi.

Tezkor tadbir keyingi bosqichda davom ettirilib, mazkur shaxsga giyohvandlik vositalarini “zakladka” usulida tarqatish boʻyicha topshiriq bergan shaxs ham qoʻlga olindi. Maʼlum boʻlishicha, 1988-yilda tugʻilgan ushbu ayol muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan.

Hozirda ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.