Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi maʼlum qilishicha, ayni paytda 10 nafarga yaqin fuqaroga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Turkiya Ichki ishlar vazirligining tegishli tuzilmalaridan olingan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ushbu fuqarolarning ayrimlari sud qarori asosida jazoni ijro etish muassasasida, boshqalari deportatsiya markazida saqlanmoqda.

Yana bir qismi mamlakat hududidan chiqmaslik sharti bilan ozod qilingan va ularga nisbatan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Fuqarolarga nisbatan qoʻllanilayotgan huquqiy choralar ularning holatga aloqadorlik darajasi, bank hisobvaraqlari orqali oʻtkazilgan mablagʻlar miqdori va tergov davomida aniqlanayotgan boshqa holatlardan kelib chiqib belgilanmoqda.

Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi vaziyatni Turkiyaning tegishli idoralari bilan hamkorlikda kuzatib bormoqda. Fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish doirasida zarur konsullik-huquqiy koʻmak koʻrsatilmoqda.

Bosh konsulxona fuqarolarni shaxsiy bank kartalari, hisob raqamlari va mobil bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini boshqa shaxslarga bermaslikka chaqirdi. Shuningdek, kelib chiqishi nomaʼlum mablagʻlarni qabul qilmaslik va boshqa shaxslarning iltimosiga koʻra ularni oʻtkazmaslik tavsiya etildi.

Qayd etilishicha, bank kartasi yoki hisob raqamini boshqa shaxslarga foydalanish uchun berish, shuningdek, kelib chiqishi nomaʼlum mablagʻlarni oʻtkazishda vositachilik qilish Turkiya qonunchiligiga muvofiq jiddiy huquqiy javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin.

Bosh konsulxona Turkiyada boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarini mamlakat qonunlariga qatʼiy rioya qilish va shubhali moliyaviy operatsiyalarda ishtirok etmaslikka chaqirdi.