O‘zbeklarda odat bor: to‘y, albatta, uy-joyni ta’mirlash, yangi bino qurish, ko‘cha-ko‘yni tozalashdan boshlanadi. Shunday harakatli qo‘shnisini ko‘rgan inson biladiki, u to‘y taraddudiga tushgan.
* * *
Avgust oyi mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonasiga hamohang bosh¬landi va butun oy shunday davom etdi. Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifidan qiyos.
Davlatimiz rahbari 17 avgust kuni hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish, aholi vakillari va tadbirkorlar bilan muloqot qilish maqsadida ushbu viloyatga keldi.
“Ochiq osmon ostidagi muzey”dek bebaho tarixiy merosga ega ushbu diyorning turizm salohiyati o‘ta yuqori. Ammo uzoq yillar hududning bunday o‘ziga xosligidan unumli foydalanilmadi. Mamlakatimizning boshqa hududlari singari paxta-g‘alla yetishtirish bilan shug‘ullangan, qishloq xo‘jaligi, kamtarona sanoatga ega viloyat yil sayin iqtisodiyoti og‘irlashib borayotgan manzillardan biriga aylanardi. Aholi esa kambag‘allashib borardi. Sababi, Xorazmni obod qilish, aholisi farovonligini oshirishga individual yondashuv bo‘lmagan.
Hudud aholisining kambag‘allik darajasi bu muammo ilk bor tan olinib, uni bartaraf etishga kirishilganida 35 foiz, Xorazmga keluvchi sayyohlar esa 16 ming kishini tashkil etgani ham u yerdagi vaziyatning aslini ko‘rsatuvchi raqam. Qisqa fursatda viloyatda kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushdi. Ya’ni avval har uch odamdan biri kambag‘al bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich o‘n barobar kamaydi.
Xo‘sh, bunga qanday erishildi? Hududda turizm rivojlantirildi. Bugun viloyatga kuniga 8 mingdan ko‘proq, yiliga 3 milliondan ortiq sayyoh kelishi rejalashtirilmoqda. Atigi o‘n yil oldin yiliga o‘n mingdan ortiq xorijiy sayyoh kelgan bo‘lsa, bugun kuniga shuncha, yiliga esa millionlab turistlar tashrif buyurmoqda.
Xorazm o‘z-o‘zidan sayyohlar uchun bu qadar jozibali manzilga aylanib qolmadi. Avvalo, hududning o‘ziga xos tarixi va bugungi zamonaviy qulayliklar bunga zamin hozirladi. Oxirgi to‘qqiz yilda 11 ta yangi turizm maskani ish boshladi. 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilishi hisobiga mehmonxona fondi 4 barobar ortdi, hududda 11 ta yangi turizm maskani ishga tushirildi.
Masalan, o‘tgan yili 25 gektar past unumli, sho‘rxok maydonda “Arda Xiva” noyob me’moriy loyihasi amalga oshirildi. U bugun Xorazmning eng ko‘p sayyoh tashrif buyuradigan majmualaridan biri.
Viloyatda turizm rivojiga eng katta to‘siqlardan biri transport infratuzilmasi shakllanmagani edi. Bugungi kunga kelib Xorazmga istasangiz poyezd, istasangiz samolyot yoki avtomobil yo‘li bilan boring, barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, Toshkent — Xiva — Toshkent yo‘nalishida “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgani sayyohlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilmoqda. Yangi poyezd soatiga 250 kilometrgacha tezlikda harakatlanib, 14 soatli yo‘lni 7,5 soatda bosib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari tashrif davomida viloyat mas’ullari oldiga yangi vazifa, keyingi marrani qo‘ydi. Ya’ni yil oxiriga qadar viloyatni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, aholini to‘liq ish bilan ta’minlashga erishish maqsad qilindi. Albatta, bunga erishish uchun kerakli chora-tadbirlar ham belgilab olindi.
Prezidentimiz ishtirokida viloyatda 176 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilgani to‘yga o‘ziga xos to‘yona bo‘ldi. Shuningdek, xorijlik hamkorlar ishtirokida 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start berildi. Bu loyihalar, albatta, viloyatning iqtisodiy barqarorligi hamda aholi farovonligiga salmoqli hissa qo‘shadi.
Yuqorida bejiz xalqimizda to‘y bunyodkorlikdan boshlanadi, demadik. Xorazmda boshlangan yangi loyihalarni ishga tushirish marosimi yurtimiz bo‘ylab keng yoyildi, respublika miqyosidagi katta shodiyonaga aylanib ketdi.
Jumladan, 25 avgust kuni mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda 163 ta yangi obyektni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari hududlardagi studiyalarga yig‘ilgan keng jamoatchilik vakillarini, ular orqali butun xalqimizni bayram bilan tabrikladi va yangi obyektlarni ishga tushirishdan oldin oxirgi o‘n yillikdagi bunyodkorliklarni bir qur yodga oldi. So‘nggi o‘n yil mamlakatimiz tarixida yangi Uyg‘onish davri — Uchinchi Renessans poydevorini qurish bosqichi sifatida tarixga abadiy muhrlanishini qayd etdi.
Ushbu davrda, shuningdek, iqtisodiyotimiz hajmi 2,5 barobardan ziyod oshib, iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingani alohida e’tiborga molik.
Yangi o‘quv yili arafasida ijtimoiy sohada ham ko‘plab zamonaviy obyektlar, jumladan, 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona foydalanishga topshirildi.
Yangi Toshkent hududidagi 30 ming kvad¬rat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona, Qarshi shahrida Iqtisodiyot va pedagogika universitetining 400 milliard so‘mlik zamonaviy bino va inshootlari, Farg‘ona viloyatidagi yangi zamonaviy tibbiyot muassasasi butun O‘zbekiston ahli uchun haqiqiy to‘yona bo‘ldi.
* * *
Xiva shahrida Prezidentimizning tadbirkorlar bilan 18 avgust kuni o‘tkazilgan navbatdagi ochiq muloqotida 500 dan ortiq ishbilarmon hamda birinchi marotaba tuman studiyalaridan 25 mingga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Bunday ochiq muloqotlar oxirgi yillardagi shiddatli taraqqiyotimizning tamal toshidir. Dunyoda eng qiyin yumush eshitish, deyishadi. Davlatimiz rahbari o‘z faoliyatini xuddi mana shu ishdan — fuqarolar va ishbilarmonlar dardu tashvishi, jamiyat taraqqiyoti uchun to‘siq bo‘layotgan muammolarni eshitishdan boshladi. Muloqotning eng asosiy talabi gapirish, nutq o‘qish emas, eshitishdir. Zero, muammolarning yechimi ayni muloqotlardan chiqarilgan xulosalarda yashiringan bo‘ladi.
Oxirgi besh yilda tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda biznes rivojiga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim topilgani ham fikrimizni isbotlaydi. O‘tgan davr mobaynida muloqotlardan kelib chiqqan xulosalar natijasida 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindiki, bu hujjatlar ishbilarmonlarning erkin faoliyatiga, davlatimizning iqtisodiy yuksalishi, xalqimiz hayoti farovonlashishiga katta zamin yaratdi.
Nazarimda, ilgari ayni muammolarni hamma bir stol atrofida o‘tirib muhokama qilmagani muammolar ortishi, jamiyat taraqqiyotdan ortda qolishi, ishbilarmonlar faoliyati rivojlanmasligiga sabab bo‘lgan. Ulardan hech kim muammosini, tashvishini, hol-ahvolini so‘ramagan. Bundan esa hamma birdek zarar bilan chiqqan, davlat iqtisodiyoti nochorlashgan, tadbirkorlar esa biznesini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Buni samimiy ochiq muloqotda “maska shou”lar haqidagi xotiralar eslanishidan ham anglash qiyin emas.
Keyingi yillardagi tub o‘zgarishlar natijasida bugun soliqchi oddiy qarz undiruvchi emas, tadbirkorga ko‘makchi bo‘ldi, bank-moliya tizimi madadkor, davlat esa ularning eng yaqin sirdoshiga aylandi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratilmoqda. Bundan esa barcha birdek foyda ko‘rmoqda. Tadbirkor faoliyatini kengaytirib, mahsulotini jahon bozoriga olib chiqmoqda. Aholi ishli bo‘lib, ro‘zg‘ori butlanyapti. Davlatning iqtisodiy salohiyati yil sayin ko‘tarilmoqda.
Prezidentimiz bu natijalar, eng avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini aytib, doim takrorlaydigan iborasi — bir kishini ishli qilgan ishbilarmonni yelkasiga ko‘tarishga tayyor ekanini qayta-qayta takrorlashdan charchamasligini bildirdi.
Tadbir doirasida Prezidentimizning “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan soha vakillariga ordenlar va mukofotlar topshirildi. Ha, xizmat qilgan hurmat topadi deb bejiz aytishmaydi. Ayniqsa, yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilganlarni har qancha mukofotlasa, e’tirof etsa, shuncha kam.
* * *
Avgust oyida davlatimiz rahbari bosh¬chiligida sohalarni taraqqiy ettirish bo‘yicha bir qancha taqdimot va videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishlar tarmoqlarni yanada rivoj¬lantirish bilan birga, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishga qaratildi. Qish-kuz mavsumiga tayyorgarlik shular jumlasidan.
Ushbu yo‘nalishda neft-gaz va elektr energetikasi tizimini yaxshilash bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Jumladan, sohaning turli jabhalarini tartibga solish va rivojlantirishga bag‘ishlangan beshta yig‘ilish o‘tkazilishi ham masala naqadar dolzarb ekanini bildiradi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishlarda soha mas’ullarining o‘tgan davrda qilingan ishlar bo‘yicha hisobotini tinglab, bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi.
Ana shunday muloqotlardan yana birida aholini go‘sht va sut mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, bu borada chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
Mamlakatimizda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotda esa O‘zbekistonning sohadagi yutuq va kelgusida zabt etishi kerak bo‘lgan marralari haqida so‘z bordi. Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston sun’iy intellekt¬ga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda
25 pog‘ona yuqorilab, 62-o‘ringa ko‘tarildi. 2030-yilga qadar yurtimizni mazkur reytingda eng ilg‘or 50 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish, davlat fuqarolik xizmatchilarining oylik ish haqi tizimi va mehnatga haq to‘lash shartlarini muvofiqlashtirish kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha ham yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi. Ular mazkur sohalar rivoji uchun o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘tashi bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, avgust oyida davlatimiz rahbari tomonidan 8 ta qonun, 26 farmon va 19 ta qaror, 12 farmoyish imzolandi.
* * *
23-24-avgust kunlari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatimizga davlat tashrifi bilan keldi. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasidagi tashrif shukuhi avvalgilaridan butkul boshqacha bo‘ldi.
Tarixiy ahamiyatga ega tashrif ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tardi. Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Abadiy ¬do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolashi ushbu rivojlanish jarayonining tarixiy cho‘qqilaridan biri bo‘ldi. Mazkur hujjat nafaqat ikki davlat rahbarining siyosiy irodasini, balki O‘zbekiston va Ozarbayjonning kelajakka birgalikda qarash borasidagi qat’iy qarorini ham ifodalaydi.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va birodarlik munosabatlari asosida, avvalo, ikki davlat rahbarining shaxsiy do‘stona munosabatlari mujassam. Davlat rahbarlarining bir-biriga “aziz birodarim” deb murojaat qilishi shunchaki diplomatik odob ifodasi emas, balki ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy va ma’naviy yaqinlikning siyosiy darajadagi aksidir.
Ozarbayjon Prezidenti e’tirof etganidek, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbarligiga kelguniga qadar ikki mamlakat o‘rtasida birorta ham qo‘shma loyiha bo‘lmagan. Bugun esa 1 milliard ¬dollarlik tovar ayirboshlash hajmi endi orzu emas, yaqin yillarda erishiladigan real maqsadga aylandi. Ozarbayjon Prezidenti tashrifi davomida davlatimiz rahbari hamda o‘zbek xalqini mustaqilligimizning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
29-30 avgust kunlari Prezidentimiz taklifiga binoan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. Uchrashuv avvalida Narendra Modi davlatimiz rahbarini mus¬taqillik kuni bilan tabriklab, xalqimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Yetakchilar ishtirokida o‘tgan samarali muloqotlarda O‘zbekiston — Hindiston strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Imzolangan shartnoma va kelishuvlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini keyingi bosqichga ko‘tarish belgilandi.
Davlatimiz rahbari avgust oyida, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
AQSh Kongressi Vakillar palatasi kongressmenlari Jeyson Smit, Greg Merfi, Ronni Jekson va Edvard Keys, Singapur Respublikasining Katta vaziri Li Syan Lun qabul qilindi. Ushbu davlatlar bilan yangi shartnoma va kelishuvlarga erishildi.
Davlatimiz rahbari oyning so‘nggi kunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda “ShHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun Bishkek shahriga tashrif buyurdi.
Sammit doirasida davlatimiz rahbari BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Shuningdek, VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida SHHT davlatlari rahbarlari va boshqa mehmonlar bilan birgalikda ishtirok etdi.
Bir so‘z bilan aytganada, davlatimiz rahbarining avgust oyidagi faoliyatining har bir lahzasi muhim tadbirlar, tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Ushbu sa’y-harakatlarning barchasi O‘zbekiston taraqqiyoti, xalqimizning farovon turmushini yanada yaxshilashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga egadir.
* * *
Mustaqillik berilmaydi. Bu shunday ne’matki, unga jasorat, fidoyilik, qat’iyatli kurash bilan erishiladi. Ayniqsa, bugun yurtimizga ilk istiqlol epkinlarini olib kirgan, yurt, millat ozodligi yo‘lida mardonavor kurashgan jadid bobolarimizni xotirlamaslikning iloji yo‘q. Ularning jasorati avlodlari qalbida abadiy yashaydi.
Har yili mustaqillik bayrami arafasida qatag‘on qurbonlarining yod etilishi bejiz emas, albatta. Joriy yil ham shunday bo‘ldi. Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan asosiy bayram tantanasidan oldin, kunning birinchi yarmida Shahidlar xotirasi xiyobonida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar ishtirokida marosim o‘tkazildi.
Shundan so‘ng asosiy bayram tadbiri Yangi Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz — mustaqilligimizning 35 yilligi tantanalari Yangi Toshkent shahrida o‘tkazilishi ham o‘ziga xos ramziy ma’noga ega bo‘ldi. Bu Yangi O‘zbekiston g‘oyasining hayotdagi amaliy ifodasining ilk nishonalari ko‘zga tashlanayotganini bildiradi. 35 yillik yubiley to‘yi ham mohiyatan, ham shaklan o‘ziga xos tantana bo‘ldi.
Bobo-momolarimiz duoga qo‘l ochar ekan, doim “to‘ylarga yetkazsin”, deyishni kanda qilmaydi. Bu duo zamirida katta ma’no mujassam. Ayniqsa, mustaqillik bayramining shukuhi o‘zgacha. Bayram ruhi, bugungi kunlar shukronasi har bir yurtdoshimiz chehrasida porlamoqda.
Davlatimiz rahbari tantanali bayram tadbiridagi nutqining avvalida xalqimizni mustaqillik ayyomi bilan samimiy tabrikladi.
— Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan ushbu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz. Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi, — dedi Prezidentimiz.
Shuningdek, mustaqillikning asl mohiyatini bir so‘z bilan ochib berdi.
— Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik, — deya ta’kid-ladi mamlakatimiz yetakchisi.
Keyingi yillarda ushbu g‘oya asosida amalga oshirilgan islohotlar birma-bir sanab o‘tildi. Xususan, birinchi galda “paxta qulligi”, majburiy mehnat va bolalar mehnati, konvertatsiya cheklovi, propiska kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berilgani qayd etildi.
Bayram tantanasi xalqimizning qadim 3 ming yillik tarixidan sado beruvchi kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari hamda dronlar shousiga aylanib ketdi. Ishtirokchilar qalbi masrur bo‘lib, yangi O‘zbekiston g‘oyasini amalga oshirish shiddatiga to‘lib toshdi.
Sanjar ESHMURODOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri