Mamlakatimizda so‘nggi yillarda mazkur sohani isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Ular asosida tibbiyot muassasalari yangi zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, har bir bemor kasalliklar kesimida skrining tekshiruvlardan o‘tkazilib, xastaliklarni erta aniqlash va davolash choralari ko‘rilyapti.
Prezidentimizning 2026 yil 20 yanvardagi “O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ham bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi. Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham bu turdagi kasalliklar ko‘rsatkichi tobora oshayotir, hatto unga chalinish xavfi yasharib bormoqda. Shuni inobatga olgan holda, qarorda aholi o‘rtasida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash, ularga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni yangi bosqichga olib chiqish orqali erta o‘lim va nogironlik holatlarini kamaytirish, bemorlarni sog‘lomlashtirish hamda reabilitatsiya qilish tizimini yaratish, shuningdek, aholiga kardiologik va nevrologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish maqsad qilingan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Navoiy filialida angiografiya hamda yurak-qon tomir jarrohlik bo‘limi tashkil etildi. Bo‘limning ochilgani yurak va o‘tkir koronar sindrom bilan og‘rigan bemorlarda shoshilinch jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkonini beradi. Yurak sohasida kuchli og‘riq bilan kelgan bemorda angiografiya va bitgan yurak-qon tomirlarini stentlash amaliyoti o‘tkazilsa, 3-4 kundan so‘ng bemalol uyiga qaytishi mumkin. Albatta, bemorlar yashash joyida kardiolog nazoratida bo‘lishi, dori-darmonlarni o‘z vaqtida qabul qilishi kerak. Shuning uchun bemorlar har oy yoki uch oyda markazda ko‘rikdan o‘tib, shifokorlar nazoratida bo‘ladi.
— Bugun viloyatda istiqomat qilayotgan 1 million 109 ming kishiga 212 ta davolash-profilaktika muassasasi tibbiy xizmat ko‘rsatib keladi, — deydi Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nurali Safoyev. —Viloyatdagi 40 va undan katta yoshdagi 338,9 ming fuqaroda yurak-qon tomir va qandli diabet kasalligini aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvlari o‘tkazildi. 20 mingga yaqini ambulator sharoitda, 4091 nafari tuman, 569 nafari viloyat hamda 15 nafari respublika tibbiyot markazlarida sog‘lomlashtirildi. Shuningdek, skrining natijasida qandli diabet kasalligining xavf omillari aniqlanib, ambulatoriya sharoitida 11 ming 125, tuman markazida 2101, viloyat tibbiyot muassasalarida 877 va respublika tibbiyot markazlarida 16 bemor davolandi. Bu jarayonda markazlashgan elektron reyestr samarali yo‘lga qo‘yilgani bemorlar va shifokorlar uchun samara beryapti.
Hozir Xatirchi, Qiziltepa tumanlari hamda Zarafshon shahrida politravma markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hamda eng zamonaviy diagnostika apparatlari bilan ta’minlangan. Bu ham aholini yashash hududida to‘liq tekshiruvlardan o‘tkazish, aniq tashxis qo‘yish va samarali davolash, kerak bo‘lsa, amaliyotlarni ham o‘tkazish imkonini beradi.
Filialda shifokorlar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan cheklanib qolmay,bemorlarga yanada qulaylik yaratish, kasalliklarni samarali davolash, sog‘lom hayotga qisqa muddatda qaytarish uchun ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanmoqda.
Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolash, murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun zarur shart-sharoit mavjud. Muassasa yildan yilga zamonaviy apparaturalar bilan boyimoqda. Bu esa bemorlarga ham vaqt, ham mablag‘ tejab, darddan tezroq forig‘ bo‘lish imkoniyatini beradi.
— Hozir yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish xavfi yildan yilga ko‘payib boryapti, — deydi kardiolog-aritmolog shifokor Doston Esonov. — Avvallari bunday kasalliklar asosan yoshi katta bemorlarda, xususan, 55-70 yoshlilarda uchragan bo‘lsa, hozir yasharib, hatto 20-30 yoshlilar orasida ham qayd etilmoqda. Aholining sog‘lom turmush tarziga rioya qilmasligi, noto‘g‘ri ovqatlanishi, vazni ortiqchaligi, o‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tmasligi natijasida insult, infarkt kabi xavfli kasalliklar yuzaga kelyapti. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazimizda turli xil yurak-qon tomir kasalliklarini murakkab jarrohlik amaliyoti orqali davolash imkoniyati mavjud. Zamonaviy tibbiy uskunalar tufayli amaliyotlarimiz muvaffaqiyatli o‘tmoqda.
Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami yildan yilga kengayib borayotir. Ba’zi tekshiruvlar, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari viloyat va tumanlarning o‘zida amalga oshirilyapti. Xususan, viloyatda joriy yil shu kunga qadar tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan, stentlash, endoprotezlash, laparoskopik, buyrak va jigar transplantatsiyasi, ko‘z kasalliklari va boshqa holatlarda 2000 ga yaqin bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Ularning 440 tasi viloyat muassasasida, 1544 tasi esa shahar, tuman tibbiyot birlashmalarida bajarildi.
— Joriy yil boshidan buyon Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 260 dan ortiq yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, — deydi Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh jarrohi O‘tkir Xushvaqtov. — Ushbu amaliyotlar orasida o‘ta murakkab bo‘lgan buyrak ko‘chirish va yurak transplantatsiyasi ham bor. 2024 yilda respublikada jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan oltinchi viloyat bo‘ldik. Har oy Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mutaxassislari tuman darajasiga tushib, o‘sha yerda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti o‘tkazib, tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Markazimizda hozir deyarli barcha diagnostika uskunasi mavjud. Yaqinda xalqaro Kuvayt fondi ko‘magida yana LOR kombayn, endoskopik uskunalar, laparoskop, litotripter, UTT apparatlari olib kelindi. Hozir markazimizda Navoiy davlat universiteti tibbiyot fakulteti kafedrasi ochilgan, 20 dan ortiq shifokorimiz ilmiy tadqiqot o‘tkazmoqda.
Har qanday tibbiy xizmat uchun muassasada zarur sharoit bo‘lishi shart. Ayniqsa, tajribali mutaxassislarga ehtiyoj ortib boradi. Bu borada viloyatdagi tibbiyot muassasalarining 40 dan ziyod mutaxassisi xorijiy tibbiyot va ilmiy muassasalarda malaka oshirib qaytdi. Bundan tashqari, viloyat markazidan olis shahar va tumanlarda ham aholiga tibbiyotni yaqinlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda o‘tgan yili hududlardagi tibbiyot muassasalarida 61,8 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Eng chekka qishloqlarda yangi poliklinikalar qurilib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Moddiy-texnik baza mustahkamlandi va ma’nan eskirgan binolar qayta ta’mirlandi.
Har sohada ko‘zga tashlanayotgan inson qadri va manfaati yo‘lidagi islohotlar tibbiyot tizimida ham jadal bajarilmoqda. Pirovardida aholi salomatligini asrash va tiklash uchun imkoniyatlar kengaymoqda.
G‘olib ABDUSALOMOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri