Zarhal yuritilgan kumushdan tayyorlangan ushbu nafis buyumlar amaliy vazifasi bilan birga egasining ijtimoiy mavqei va qudratini ham namoyon etgan.

Mazkur artefaktlar mintaqada shakllangan yuksak metalsozlik va zargarlik anʼanalarining yorqin namunasidir. Oʻsha davrda ot nafaqat transport vositasi, balki harbiy kuch, siyosiy nufuz va saroy marosimlarining muhim ramzi boʻlgan. Shu sababli ot jabduqlari koʻpincha qimmatbaho metallardan tayyorlanib, murakkab naqshlar bilan bezatilgan.

— Ushbu bezaklar zarhallangan kumushdan ishlangan boʻlib, ularning yuzasiga oʻyma va naqsh solish texnikasi qoʻllangan, — deydi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov. — Metall ustalari kumush yuzasiga nafis islimiy va girih uslubidagi naqshlarni oʻyib, soʻng oltin qoplama bilan bezab, buyumlarga hashamat bagʻishlagan. Har bir detal taxminan 7,5 santimetr diametrga ega boʻlib, ot jabduqlarining turli qismiga — jilov, yugan yoki tasmalarga mahkamlangan.

XIV asrda Markaziy Osiyo davlatlari harbiy otliq qoʻshinlari bilan mashhur boʻlgan. Ayniqsa, bu davrda shakllangan harbiy anʼanalar keyinchalik temuriylar davrida yanada takomillashgan. Ot jabduqlarini bezash sanʼati esa saroy ustaxonalari va zargarlik markazlarida rivojlangan. Bunday buyumlar koʻpincha hukmdorlar, amirlar yoki yuqori martabali lashkarboshilarga tegishli boʻlgan.

Bugun ushbu noyob bezaklar Buyuk Britaniyadagi mashhur kolleksiyadan olib kelinib, Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanmoqda. Majmuada koʻplab bunday noyob va asl nusxadagi artefaktlar bilan tanishish mumkin. “Ular Markaziy Osiyo hunarmandchiligi, xususan, oʻrta asr metall sanʼati naqadar yuksak darajada rivojlanganini koʻrsatib beruvchi muhim tarixiy dalildir”, deyiladi markaz xabarida.

Laylo ABDUQAHHOROVA