Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tanlov g‘oliblariga tabrigini o‘qib eshittirdim.

Tanlovning tuman va shahar bosqichida 124 ming nafardan ziyod yoshlar o‘z iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etdi. Tanlov ko‘plab maktab bitiruvchilari hayotida yangi sahifa ochib, 22 ming nafar yigit-qiz uchun ishlash, ta’lim olish yoki mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini yaratdi. Yakunlarga ko‘ra, o‘nta kasb yo‘nalishida eng yuqori natijaga erishgan 120 nafar ishtirokchi g‘olib va sovrindor deb topildi.

Tabrikda tanlov g‘oliblari va yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar orasidan O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirib, ularni “WorldSkills International” xalqaro kasbiy mahorat musobaqasida munosib ishtirok etishga tayyorlashni hozirdan boshlash zarurligi qayd etildi. Bu maqsadda eng kuchli mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etish, jamoani zamonaviy uskunalar va o‘quv-mashq bazasi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbarining qutlovida butun O‘zbekiston yoshlariga xalqimizning yuksak ishonchini oqlash uchun doimo izlanish, yangi bilim va texnologiyalarni egallash, xorijiy tillarni o‘rganish hamda o‘z kasbining eng ilg‘or mutaxassisi bo‘lib yetishish da’vati yangradi. Ular o‘z mehnati, bilimi va ko‘nikmalari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, Yangi O‘zbekistonni bunyod etadigan oltin avlod bo‘lib yetishishiga ishonch bildirildi.