Ayniqsa, koʻchat bozori jonlangan, odamlar kelib, quchoq-quchoq koʻchat koʻtarib ketyapti. Tashkilotlar, idoralar koʻchatchilik xoʻjaliklari bilan shartnoma tuzib, yoppasiga katta-katta maydonlarda bogʻ va ekinzorlar barpo qilishga kirishgan.
Qatordan qolmay deb, dam olish kunlari olma, shaftoli va gilos nihollarini keltirib, ekishga hozirlik koʻra boshladim. Yerni chuqur qilib kovlayotsam, qoʻshnimiz Boltavoy aka oʻtib qoldi. U mirishkorlik hadisini olgan. Uyi va koʻchasi turli ekin va oʻsimliklardan bogʻ boʻlib ketgan. Ishimni bir oz kuzatib, yonimga kelgach, koʻchatlarni qoʻliga oldi.
— Mana bu olmaning yovvoyiroq navi shekilli, gilos esa durustga oʻxshayapti. Shaftoli ham yaxshi ekan. Nihollarni pala-partish ekib boʻlmaydi. Bular tez oʻsishi va serhosil boʻlishi uchun shox va ildiziga ishlov berish kerak. Parvarishi ham kishidan hafsala talab qiladi.
Bilgan baribir yaxshi ekan. Boltavoy aka menga koʻchat ekish masalasida ancha tushuncha berdi. Bu ishning shuncha nozik jihati borligini bilmas ekanman. Nazarimda, nihollarni ekib boʻlganimizdan keyin koʻchatlar ancha viqorli va yerga mustahkam oʻrnashgandek boʻldi. Demak, har ishni bilib bajarishda hikmat koʻp ekan. Kelajakda bu koʻchatlar oʻsib, azim daraxtga aylanishi, moʻl hosil berishi, undan barcha birdek bahramand boʻlishini oʻyladim, qilgan ishimdan mamnunlik ikki-uch kundan buyon meni tark etmayotgani ham rost.
Kuni kecha yurtimiz ahli yana bir xayrli ishga guvoh boʻldi. Prezidentimiz “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirida qatnashib, Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berdi. Davlatimiz rahbari xalqimiz azaldan Navroʻz kunlarida, oilasida farzand tugʻilganda tomorqasiga, maydon va xiyobonlarga, yoʻl chetlariga yaxshi niyat bilan koʻchat qadab, gulu rayhonlar ekkanini taʼkidladi. Hududlarda yashil bogʻlar yaratish boʻyicha aholi va deputatlar ishtirokini yanada kengaytirishni taklif qildi.
Mamlakatimiz yetakchisi mahalla raislari, otaxon va onaxonlar, xotin-qizlar vakillari hamda barcha faollarni joylarda milliy urf-odatlar, anʼana va qadriyatlarni yanada keng targʻib qilish, klublar va jamoalar tashkil etib, har bir koʻcha, xonadon, yoʻl boʻylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda bosh-qosh boʻlishga chaqirdi.
Bu saʼy-harakatlar yurtimizda bir necha yildan buyon davom etib kelayotgan va samara berayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ekan, uning qanday kechayotganini birinchi manba — “Yashil makon”ning oʻzidan soʻrab qoʻya qolishni maʼqul koʻrdik.
— Ishlar avjida ekanini koʻrib, xursand boʻlyapmiz. Koʻlam juda katta-ku, a?
— Ha, belni mahkam bogʻlaganimiz rost. Bir necha yildirki, mamlakatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar samaradorligini oshirish, oʻrmonlar va yashil hududlar maydonini kengaytirish, ulardan samarali foydalanish hamda choʻllanishga qarshi kurashish ishlarini tizimli bajarish, shuningdek, mazkur yoʻnalishlarda yagona davlat siyosatini yuritish va muvofiqlashtirish maqsadi joʻshmoqda.
Soʻnggi yillarda dunyo miqyosida ekologik muammolar tobora dolzarblashib bormoqda. Iqlim oʻzgarishi, havoning ifloslanishi va tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish insoniyat kelajagiga jiddiy xavf tugʻdirmoqda. Bunday sharoitda tabiatni muhofaza qilish va yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etadi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi ana shunday muhim ekologik dasturlardan.
Bu tashabbus orqali mamlakat boʻylab keng koʻlamli daraxt ekish ishlari bajarilmoqda. Minglab gektar yer maydonida yangi yashil hududlar barpo etilmoqda. Bu jarayon nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki aholining hayoti sifatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Prezidentining 2025-yil 30-maydagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda oʻrmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan aniq maqsad va tashabbuslar belgilab olingan.
Bundan tashqari, Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, ushbu yoʻnalishda muhim chora-tadbirlarni belgilash va sohani rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. Bugun davom etayotgan ishlar koʻlami ham shunga yarasha boʻlyapti.
— Ishlar davlat siyosati darajasiga chiqqan ekan, kutilayotgan samara ham shunga yarasha boʻlishi kerak...
— Albatta. Oʻtgan yili 26-sentyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar tahlil etilgan edi. Kamchilik va yoʻl qoʻyilgan nuqsonlar tanqid qilinib, kelgusi vazifalar belgilangandan soʻng ishlar yangicha shiddat oldi. Soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida ham muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratdi. Ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish beshinchi ustuvor yoʻnalish sifatida eʼlon qilindi.
“Deputatlarga oʻz okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard soʻm, har bir deputatga 3,3 milliard soʻmdan beryapmiz. Bu borada “yashil hudud”, “yashil bogʻ” yaratish boʻyicha har bir deputatning tashabbusiga qoʻshimcha 330 million soʻmdan yoʻnaltiramiz. Bunday yondashuv orqali 2030-yilgacha barcha tumanlardagi mahallalarga yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kiramiz”, dedi mamlakat yetakchisi.
Shuningdek, chang-toʻzonlarning oldini olish uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon” va Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etilishi, Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekilishi maʼlum qilindi.
Umuman, Murojaatnomada koʻplab meni quvontiradigan vazifalar tilga olindi va ular ijrosiga allaqachon kirishilgan. Masalan, korxonalarda ekostandartlarni joriy qilish uchun kelgusi besh yilda kamida 30 ming ekologiya menejeriga talab paydo boʻladi. Shuning uchun 2026-yilda har bir hududda “yashil” texnikumlar tashkil etilib, dual taʼlim asosida yiliga 10 ming mutaxassis tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Havo, suv va tuproq sifatini aniqlash imkonini beradigan kompleks laboratoriyalar tashkil etiladi. Shaharlarda tabiiy ventilyatsiyani kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlar oʻtkaziladi. Umuman, ekologiya sohasiga 2026-yilda 1 trillion 900 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
Yaqinda, yaʼni 2026-yil 30-mart kuni yana bir muhim hujjat — Oʻzbekiston Prezidentining “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi. Uning ijrosi ham mening gullab-yashnashimga xizmat qiladi. Gap shundaki, 2028-yilga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qoʻshimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam boʻlmagan botanika va dendrologiya bogʻlari tashkil qilinadi. Dendrologiya bogʻlari maqomiga koʻra botanika bogʻlariga tenglashtiriladi.
Farmonda botanika va dendrologiya bogʻlarini tashkil etish maqsadida ajratiladigan yer maydonlari, istisno tariqasida, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan ozod qilinishi belgilab qoʻyildi. Botanika va dendrologiya bogʻlarining yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki begonalashtirish, ikkilamchi ijaraga berish, hududini qisqartirish qatʼiy taqiqlanadi.
— Demak, kechagi tadbir yuqoridagi keng qamrovli ishlarga yangicha shiddat berar ekan-da?
— Agar soʻnggi besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup koʻchat ekib kelinayotgani, oʻtgan davrda 2000 gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bogʻ va yashil jamoat parki, 47 ta massivda “Yangi Oʻzbekiston bogʻlari” barpo etilganini eʼtiborga olsak, shunday boʻlishi tabiiy.
Bundan tashqari, respublikaning togʻ, choʻl va adir hududlarida 256 ming gektar oʻrmon tashkil qilindi. Orolning qurigan tubidagi 2 million gektar maydonda yashil qoplamali himoya oʻrmonlari yaratildi. Shamol va qum-chang boʻronlarining zararli taʼsirini oldini olish maqsadida 33 tumanda 60 kilometrli “yashil belbogʻ” hosil qilindi. Umuman, qisqa muddatda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi.
— Maqsadlar mazmuni haqida nima deya olasan?
— Maqsadlar koʻlami, aytganimdek, juda keng. Shaharlarda sanoat korxonalari, transport vositalari va boshqa omillar havoning ifloslanishiga sabab boʻladi. Bunday sharoitda daraxtlar va yashil hududlar tabiiy filtr vazifasini bajaradi. Mutaxassislar fikricha, bir dona katta daraxt yil davomida bir necha oʻn kilogrammgacha zararli moddalarni yutishi mumkin. Shuning uchun shaharlarda daraxtlar koʻpayishi ekologik muhitni yaxshilashda muhim ahamiyatga ega. Yashil bogʻlar va parklar dam olish, sport bilan shugʻullanish va tabiat qoʻynida vaqt oʻtkazish imkonini yaratadi.
Deylik, 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilayotgan daraxt va buta koʻchatlarining koʻkaruvchanligi, yashovchanligi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligini oshirishning maqsadli koʻrsatkichlari belgilangan. Masalan, davlat oʻrmon xoʻjaliklarida respublika hududining iqlim sharoitiga mos daraxt turlarining zamonaviy seleksiya usullaridan foydalanib, sifatli va kafolatlangan urugʻlarni yetishtirish hajmi 1,5 baravar oshiriladi. Urugʻchilik laboratoriyalarida respublika iqlim sharoitiga mos oʻsimlik turlaridan onalik plantatsiyalari tashkil qilinmoqda. Yana bir muhim jihati, davlat oʻrmon xoʻjaliklari yetkazib berayotgan koʻchatlar hajmini 2 baravar oshirish vazifasi qoʻyilgan.
Tashabbuslar toʻgʻrisida ham aytib ketay. “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish, “Yashil makon” elektron platformasida ochiqlikni taʼminlash va raqamlashtirishga qaratilgan qator mexanizmlar joriy qilinyapti. Keyingisi, loyihaga davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻ hisobidan qilinadigan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar jamoatchilikka “har bir tiyin sarflanishini kuzatish” tamoyili asosida onlayn yetkazilishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, endi daraxt va butalarni kesish uchun ruxsatnoma berish yuzasidan murojaat qilgan shaxs toʻgʻrisida maʼlumot, koʻchirilishi yoki kesilishi taklif etilayotgan daraxt va koʻchirish sababi, aniq manzili, joylashuvi, foto va videotasvirlarini aks ettirish ham kerak.
Yana bir gap. Ilgari “Mening bogʻim” dasturi doirasida har bir loyihaga byudjetdan 250 million soʻmgacha mablagʻ berilgan boʻlsa, endi bu miqdor 400 million soʻmga oshiriladi. Har bir yashil bogʻ va jamoat parki uchun aholi oʻzi tanlagan, yashash hududlariga yaqin va eng muhimi, suv taʼminoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi.
— Bular, albatta, ezgulik yoʻlidagi saʼy-harakatlar. Himoya mexanizmlari-chi, ular nimalarni nazarda tutadi?
— Oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yoʻq qilgan shaxslar tomonidan kompensatsiya sifatida ekilgan daraxt va buta koʻchatlari hisobini yuritish tizimi joriy qilinyapti. Daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesgan jismoniy va yuridik shaxslar, ushbu huquqbuzarliklar hamda ular yuzasidan koʻrilgan choralar boʻyicha “Yashil makon” elektron platformasiga doimiy ravishda maʼlumotlar kiritib borish ham belgilangan.
Eslasangiz, 2021-yil 2-noyabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, mazkur loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatini ekish belgilangan edi. Shundan buyon ishlar yuqori bosqichga chiqdi. Bunday keng koʻlamli tashabbus amalga oshirilishi natijasida shaharlarimizdagi yashil maydonlar hududi hozircha 30 foiz kengaytirildi.
Umuman, “Yashil makon” umummilliy loyihasi bu — bir yillik tadbir emas. U muntazamlik kasb etishi maqsad qilingan va albatta, ijrosi taʼminlanadi. Buning uchun barcha imkoniyat va resurslar yetarli.
— Odamlar ham bu jarayonga astoydil kirishib ketdi. Joylarda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz namoyon qilayotgan faollik har qancha tahsinga loyiq. Shunday emasmi?
— Xuddi shunday. Lekin shu oʻrinda masalaning yana bir muhim jihati, yaʼni ekologik madaniyat haqida toʻxtalishim lozim. Ekologik muammolarni hal qilishda aholining ekologik madaniyati ham katta ahamiyatga ega. Agar inson tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlsa, atrof-muhitni muhofaza qilish osonlashadi. “Yashil makon” loyihasi bu borada ham muhim. Daraxt ekish tadbirlarida yoshlar, talabalar va fuqarolarning ishtirok etishi tabiatga nisbatan jamoaviy masʼuliyat hissini shakllantiradi. Bu esa kelajakda ekologik muammolarning kamayishiga xizmat qiladi.
Bugun ekilayotgan har bir nihol kelajak avlod uchun sogʻlom va toza muhit yaratishda qoʻl keladi. Shuning uchun bu tashabbusda faol ishtirok etish, tabiatni asrashga hissa qoʻshish har bir yurtdoshimizning burchidir.
Ayniqsa, yoshlar bu tashabbusda katta faollik koʻrsatmoqda. Maktab oʻquvchilari, talabalar va koʻngillilar daraxt ekish tadbirlarida qatnashib, tabiatni asrashga hissa qoʻshmoqda. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ekologik targʻibot ishlari keng yuritilayotgani ham quvonarli hol.
Kelgusida loyiha yanada keng koʻlamda amalga oshiriladi. “Yashil shaharlar” konsepsiyasini rivojlantirish, ekologik infratuzilmani kengaytirish va aholining ekologik madaniyatini oshirish istiqboldagi asosiy vazifalardan.
Nodir BEK,
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi