Bu haqda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, 22-martdan Qashqadaryo viloyati va Surxondaryo viloyatida, 24-martdan Samarqand viloyatida, 28-martdan esa Jizzax viloyatida marokash chigirtkasining 1–2 yoshdagi turlari kuzatilgan.
Mutaxassislar tomonidan chigirtkalarning ekin maydonlari va tomorqalarga tarqalishining oldini olish maqsadida kuzatuv-nazorat ishlari kuchaytirilib, aniqlangan hududlarda kimyoviy ishlovlar olib borilmoqda.
Hozirgi vaqtda kurash tadbirlariga oʻnlab maxsus texnika va mingdan ortiq qoʻl purkagichlar jalb etilgan. Shuningdek, yoqilgʻi va kimyoviy vositalar zaxirasi shakllantirilgan.
2026-yilda jami 651,8 ming gektar maydonda kimyoviy ishlov oʻtkazish rejalashtirilgan. Ayni paytgacha 22 ming gektardan ortiq hududda kuzatuv oʻtkazilib, 3 641 gektarda zararkunandalarga qarshi ishlov berilgan.
Mutaxassislar fuqarolarni chigirtka tarqalgan hududlar haqida tegishli xizmatlarga xabar berishga chaqirmoqda. Kurash tadbirlari bepul amalga oshirilishi taʼkidlandi.