Shu paytgacha, internetdan, xususan, Google yoki boshqa qidiruv tizimlaridan Oʻzbekistonga oid chiroyli, sifatli rasm yoki video qidirilganda sifati rasvo, yoki ustida qanaqadir yozuvlar, logotiplar boʻlgan kontentlar chiqib kelardi. Ayniqsa hududlar boʻyicha yoki dron orqali olingan zamonaviy tasvirlarni topish — alohida azob edi.

Mana shu dolzarb muammoni hal etish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan Aura.uz platformasi taqdim etildi.

Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad — mamlakatimizning ijobiy imijini mahalliy va xalqaro auditoriyaga yuqori sifatli vizual kontent orqali keng targʻib qilishdan iborat. Bu esa global tarmoqda Oʻzbekiston haqidagi professional foto va video materiallar hajmini 1000 barobarga oshirish imkoniyatini yaratadi.

Bugungi kunda Aura.uz serverlarida qariyb 6 terabayt hajmdagi ulkan maʼlumotlar bazasi shakllantirilgan. Platformada 12 mingdan ortiq eng sara foto, video va infografik materiallar jamlangan boʻlib, ushbu arxiv har kuni oʻrtacha 200 ga yaqin yangi kontent bilan muntazam boyitib borilmoqda.

Eʼtiborli jihati, bazani shakllantirishda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK), vazirlik va idoralar axborot xizmatlari hamda Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (OʻzA) materiallaridan keng foydalanilgan. Yaʼni shu vaqtga qadar tashkilotlarda byudjet mablagʻlari hisobidan olingan kontentlar jamlandi va saralandi. Natijada ommaga eng sifatli kontentlar foydalanish uchun eʼlon qilinmoqda.

Aura.uz platformasi media sohasi vakillari uchun qator texnik qulayliklarni taklif etadi:

  • Yuqori sifat standartlari: platformaga faqat yuqori sifatli (HD, Full HD, 4K va undan yuqori) formatdagi kontentlar joylashtiriladi.
  • Ortiqcha belgilarsiz tasvirlar: barcha materiallar mualliflik huquqidan xoli boʻlib, ularda hech qanday yozuv, logotip va subtitrlar mavjud emas.
  • Formatlar xilma-xilligi: video materiallar ham anʼanaviy gorizontal (16:9), ham zamonaviy vertikal (9:16) formatlarda taqdim etilgan.
  • Mukammal qidiruv tizimi: kerakli materiallarni yil fasllari, suratga olingan vaqti (kun/tun), hududlar va sohalar kesimida osongina filtrlab topish mumkin.

Platformadagi mavjud kontentlar sanʼat, urbanizatsiya, sport, tarixiy obidalar, tabiat va milliy anʼanalar kabi yoʻnalishlar boʻyicha tizimlashtirilgan. Shuningdek, davlat ahamiyatiga ega muhim materiallar, jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashriflariga oid videolar hamda “Yangi Oʻzbekiston” turkumidagi maxsus kontentlar alohida boʻlimlarga joylashtirilgan.

Aura.uz faqatgina tayyor kontent ulashuvchi baza emas, balki mustaqil ijodkorlar uchun ochiq maydon hamdir. Istalgan suratkash yoki videooperator oʻz materiallarini platformaga joylashtirishi mumkin. Bundan tashqari, istiqbolda platformada maxsus monetizatsiya tizimini joriy etish ham koʻzda tutilgan.

Aura.uz — Oʻzbekistonning zamonaviy vizual qiyofasini dunyoga namoyon etuvchi va milliy media makondagi eng dolzarb muammolardan birini hal qiluvchi innovatsion platformadir. Qolaversa, ushbu platforma mahalliy va xorijiy OAV vakillari, jurnalistlar, blogerlar, dizaynerlar, media xodimlari va chiroyli kontent yaratishni xohlaganlar uchun chinakam xazina vazifasini bajaradi.