Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston elchixsi Farhod Arziyevning Hunan provinsiyasiga amaliy tashrifi doirasida gubernator Mao Veymin bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv chogʻida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Mao Veymin Oʻzbekiston Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi muhim sheriklaridan biri, doʻstona qoʻshni va strategik hamkor ekanini taʼkidladi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston hududlari va Hunan provinsiyasi oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari atroflicha koʻrib chiqildi. Rasmiy va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi faol almashinuv, savdo va investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi ijobiy baholandi.

Hunan provinsiyasi Oʻzbekiston hududlari bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, qoʻshma tadbirlar tashkil etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Maʼlumot uchun, Hunan provinsiyasi Xitoyda aholi soni boʻyicha 7-oʻrinda, hududiy maydoni boʻyicha esa 10-oʻrinda turadi. Uning maʼmuriy markazi Chansha shahri hisoblanadi.

Viloyat iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi va togʻ-kon sanoati yetakchi oʻrin tutadi. Asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlari sifatida sholi, tamaki va tsitrus mevalari keng miqyosda yetishtiriladi. Shu bilan birga, Hunan Xitoyning foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha muhim markazlaridan biri sanaladi.