Tezkor tadbir davomida Toshkent shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning Sirdaryo tumanidagi vaqtincha yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan. U yerda 1983 yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi hamda Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1962 yilda tug‘ilgan, avval giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan yana bir fuqaro borligi aniqlangan.

Surishtiruv davomida mazkur uch shaxs qo‘shni Tojikistondagi narkokuryerlar tomonidan Jizzax viloyatining Yangiobod tumani hududidagi xufiya joyga yashirilgan narkotik moddalarni olib, ularni sotish va tarqatish orqali moddiy manfaat orttirishni rejalashtirgani aniqlangan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, xufiya joydan umumiy og‘irligi 13 kilogramm 653 gramm «opiy» moddasi olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.