Eng avvalo, kechagi jurnalistika qanday edi degan savolga javobdan boshlaylik. Ananaviy jurnalistika davrida, birinchidan, axborot manbalari cheklangan edi. Xususan gazeta, radio va televidenie asosiy axborot tarqatuvchi vosita hisoblanardi. Ikkinchidan, jurnalist faqat axborotni to‘plash, qayta ishlash, tahrirlash va auditoriyaga yetkazish vazifasini bajarish bilan cheklandi. Bunda axborot oqimining bir taraflamaligi ko‘zga tashlanadi. Chunki, axborot tanqisligi, professional tahririy nazorat, bosma nashrlarning ustunligi va auditoriyaning passiv qabul qilishi ustun bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, kecha jurnalist faqat voqyealarni yetkazish bilan cheklandi. Bugun esa u voqyealarni tushuntirish, tahlil qilish va auditoriyani axborot xurujlaridan himoya qilish vazifasini ham bajarmoqda.

O‘tgan asrlarda axborot yetishmasligi muammosi bo‘lgan bo‘lsa, hozir axborotning haddan ziyod ko‘pligi muammosi mavjud. Chunki, har bir smartfon egasi ma'lum darajada kontent ijodkoriga aylandi, xohlagan ma'lumotni xohlagan shaklda, xohlagan joyiga yetkaza olish imkoniyatiga ega. Demak, har qanday fuqaro axborot tarqatuvchisiga aylandi, shunday ekan, endi jurnalist axborot tarqatuvchisi bo‘lish bilan cheklanmay, haqiqatni yolg‘ondan ajratib berish mas'uliyatini o‘z zimmasiga olmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, XX-asr jurnalistini axborot yetkazgan bo‘lsa, XXI-asr jurnalisti axborotni saralaydi, tekshiradi, tahlil qiladi va izohlaydi.

Yana bir muhim masala bor, yani jurnalistikaning asosiy kapitali – ishonch. Agar auditoriya qaysi xabar rost, qaysi yolg‘on ekanini ajrata olmasa, ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan ishonch pasayadi. Hozirgi davrda ba'zida hatto haqiqiy xabar ham shubha bilan qabul qilinmoqda. Media tadqiqotchilar bu holatni «axborot ishonchsizligi yoki axborot tartibsizligi» (information disorder) deb atashadi. Auditoriyaning ishonchli va tekshirilgan axborotga bo‘lgan talabini qondirish uchun ham so‘nggi vaqtlarda jurnalistning yangi missiyalari paydo bo‘lmoqda, bular faktcheking; tahliliy bo‘lish; media savodxon targ‘ibotchisiga aylanish; jamoatchilik va davlat o‘rtasidagi muloqot ko‘prigi vazifasini mas'uliyat bilan bajarish.

Ilgari jurnalistikaning asosiy raqibi senzura deb aytilar edi, hozirgi davrda esa jurnalistika uchun senzura emas, balki dezinformatsiya eng xavfli tahdid hisoblanadi. Aslida dezinformatsiya milliy va global axborot xavfsizligi omillaridan biri sifatida baholanmoqda. Shu bilan birga uning tarqalish tezligi ham tezlashdi. Chunki, raqamli platformalar algoritmlari emotsional va sensatsion kontentni tezroq tarqatadi. Psixologik ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatishicha, odamlar hayrat, qo‘rquv yoki g‘azab uyg‘otuvchi xabarlarni ko‘rishga va ulashishga moyilroq bo‘ladi. Shuning uchun yolg‘on xabarlar ba'zan haqiqiy xabarlarga qaraganda tezroq tarqaladi.

Bu holat jurnalistlardan faktcheking vazifalarini to‘g‘ri bajarishni talab etadi.

Ayni paytda soxta yangiliklar; deepfake texnologiyalari; manipulyativ kontent; e'tiborni jalb qilish uchun keskin raqobat – media muhitidagi eng katta tahdidlardir. Ilgari foto yoki video malum bir voqyeaning kuchli dalili hisoblanardi. Bugun esa suniy intellekt yordamida inson ovozi, yuz ifodasi va harakatlarini haqiqatga juda yaqin tarzda soxtalashtirish mumkin. Natijada jurnalistikada uzoq yillar davomida amal qilib kelingan «ko‘rdim – demak bu voqyelik, demak bu haqiqat» degan tamoyil yetarli bo‘lmay qolmoqda. Endi har qanday foto, video yoki audio material qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilishi talab etiladi.

Shu bilan birga, hozirgi davrda suniy intellekt barcha sohalardagi kabi jurnalistikaga ko‘makdosh bo‘lmoqda. U katta malumotlarni tahlil qilish, tarjima qilish, transkripsiya va texnik vazifalarni bajara oladi. Lekin haqiqatni anglash, voqyelikni baholash va axloqiy qaror qabul qilish baribir insonning zimmasida qoladi.

Ananaviy jurnalistikada asosiy vazifa axborotni yetkazish bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda jurnalist – faktlarni tekshiruvchi, malumotlarni verifikatsiya qiluvchi, manbalarni baholovchi, media savodxonlikni shakllantiruvchi mutaxassisga aylanmoqda. Shuning uchun aytishimiz mumkinki, XXI asrda jurnalistning eng muhim mahorati tezkorlik emas, balki haqiqatni yolg‘ondan ajrata olish qobiliyatidir.

O‘tgan asr jurnalistikasining asosiy muammosi axborot yetishmasligi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunning muammosi – axborotning haqqoniyligini aniqlashdir. deepfake va dezinformatsiya sharoitida jurnalist nafaqat axborot tarqatuvchi, balki haqiqatni himoya qiluvchi mutaxassisga aylanmoqda.

Muxtasar aytganda, zamonlar o‘zgaradi, odamlar o‘zgaradi, texnologiyalar va platformalar ham o‘zgaradi, lekin jurnalistikaning asosiy tamoyili va vazifasi o‘zgarmaydi. U hamisha haqiqatni izlash, jamiyat manfaatini himoya qilish va odamlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. Chunki jurnalistika oddiy soha emas, jamoatchilik ishonchini himoyalavchi ijtimoiy institutdir. Agar jamiyat haqiqatni eshitish va ko‘rish imkoniyatini yo‘qotsa, to‘g‘ri qaror qabul qilish imkoniyatini ham yo‘qotadi. Shuning uchun jurnalistikaning kelajagi – haqqoniylik, mas'uliyat va professionallikka bog‘liq.

 

Zlixa Orazimbetova,

filologiya fanlari doktori, professor.