Azal-azaldan oʻzining doʻstlik, birodarlik va bagʻrikenglik anʼanalari bilan shuhrat qozongan qadimiy va betakror Oʻzbekiston zaminida hozirgi vaqtda 130 dan ortiq millat va elat vakillari oʻzaro tinch va ahil yashab, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda. Turli konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar, “Doʻstlik” jamiyatlari va 157 ta milliy madaniy markaz erkin faoliyat koʻrsatib kelayotir.
Mamlakatimizdagi davlat taʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonlari 7 tilda olib borilmoqda, qardosh tilli maktablarda tahsil olayotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanmoqda. Barcha hududlarimizdagi “Doʻstlik uylari” turli millatga mansub fuqarolar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutmoqda.
Tinchlik, millatlar oʻrtasidagi ahillik, hamjihatlik bebaho neʼmat. Yurtimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida millatlararo totuvlik, oʻzaro ahillik va birodarlik, tinchlik gʻoyalarini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida har yili 30-iyul yurtimizda “Xalqlar doʻstligi” kuni sifatida keng nishonlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmita tomonidan tashkil etilgan va 25-31-iyul kunlari davom etadigan “Doʻstlik” festivali ham bu boradagi oqilona hamda uzoqni koʻzlovchi siyosatning amaldagi yorqin namunasidir.
Poytaxtimizda start olgan mazkur festivalning ilk tadbiri turli millat vakillari, milliy madaniyat markazlari vakillari, keng jamoatchilikning “Yangi Oʻzbekiston” majmuasiga tashrifi bilan boshlandi. Festival ishtirokchilari “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi muhtasham badiiy obida — Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qoʻydilar.
— “Doʻstlik” festivallarining tashkil etilishi mamlakatimizda millatlar oʻrtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, jamiyatimizda oʻzaro hurmat, mehr, bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi davlat siyosatiga hamohang, — deydi qoʻmita raisi Qahramon Sariyev. — Festival dasturi kun tartibidan bir-biridan betakror tadbirlar, anjumanlar, musiqiy dasturlar, taqdimotlar, koʻrgazma, xalqaro hunarmandchilik yarmarkasi, ijodiy uchrashuvlar, konsert va tanlovlar joy olgan. Bu yilgi festivalning oʻziga xos jihati shundaki, uning doirasiga Qirgʻiz madaniyati kunlari tadbirlari ham kiritilgan. Shu munosabat bilan ushbu mamlakatdan shoir, yozuvchi, sanʼatkor va jamoatchilik vakillaridan iborat katta delegatsiya festivalda mehmon sifatida ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari saroyida “Doʻstlik” festivali munosabati bilan gala-konsert, shuningdek, Toshkent Fotosuratlar uyida “Doʻstlik nigohi” qardosh xalqlar fotosuratlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Unda yurtimizda barcha millat vakillarining emin-erkin ijod qilishi uchun yaratilgan sharoitlarning amaliy natijalarini koʻrish va tanishish imkoniyati yaratilgan. Haftalik doirasida bugun Toshkentdagi “Navroʻz” etno-bogʻida “Ona zamin bagʻridan” deb nomlangan tadbir, Yozuvchilar uyushmasida xalqlar doʻstligiga bagʻishlangan ijodiy uchrashuv va adabiy mushoiralar oʻtkazish nazarda tutilgan.
Kunning ahamiyatli voqealaridan biri esa, shubhasiz, bu qoʻmita binosi joylashgan maydonda yurtimizdagi milliy madaniy markazlar pavilyonlarining ochilish tadbiridir. Unda respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan 22 ta markazning taqdimoti boʻlib oʻtadi.
Ertaga esa poytaxtimiz “Umummilliy hamjihatlikni mustahkamlash — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim asosi” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga mezbonlik qiladi. Mazkur yirik tadbirda bugun dunyoda kechayotgan murakkab sharoitda oʻzaro hamjihatlik, tinchlik va barqarorlikni asrab-avaylash, bu borada doʻstlik jamiyatlari va milliy madaniy markazlarning roli va ahamiyati, hissasi atroflicha muhokama etiladi.
Shuningdek, yurt taraqqiyoti, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, xalqlar doʻstligini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan vatandoshlar, milliy madaniyat markazlari, hamkor vazirlik va idoralarning vakillarini “Xalqlar doʻstligi” nishoni bilan taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtadi.
Shunisi diqqatga sazovorki, bolalar yozgi oromgohlarida “Doʻstlik bolalikdan boshlanadi” nomli maʼrifiy tadbirlar, hududlardagi madaniyat va istirohat bogʻlarida, xiyobon va sayilgohlarda festival munosabati bilan sanʼatkorlar va milliy madaniy markazlar badiiy jamoalari ishtirokidagi “Doʻstlik ohanglari” deb nomlangan konsert dasturlari, turli xalqlarning hunarmandchilik ijodiyoti namunalari, musavvirlar asarlaridan iborat koʻrgazmalar tashkil etilgan.
— Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, doʻstlik muhitini va koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish ishlari yangi, yuqori bosqichga koʻtarildi, — deydi Respublika Ozarbayjon milliy madaniyat markazi raisi Mobil Mamedov. — Maʼlumki, BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq, 30-iyul butun dunyoda Xalqaro doʻstlik kuni sifatida nishonlanadi. Oʻzbekistonning kuchli bagʻrikenglik siyosati tufayli bu bayram, mana bir necha yillardan beri yurtimizda haftalik festival shaklida oʻtkazib kelinmoqda. Koʻp millatli xalqimiz bu sanani koʻtarinki ruhda kutib olyapti.
Xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar ham Oʻzbekistonning doʻstlik va insonparvarlik diyori sifatidagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. “Xalqlar doʻstligi” festivali doirasida oʻtkazilayotgan turli madaniy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar hayotimiz qoidasiga aylangan “Oʻzbekiston — umumiy uyimiz” degan gʻoyat muhim tamoyilni yanada keng qaror toptirishda beqiyos ahamiyatga ega.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri