Ushbu taqdimot tadbiri Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan hamda buyuk mutafakkir ajdodimiz Abu Mansur Moturidiy hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi.
Taʼkidlash kerakki, bundan 9 oy oldin tashkil qilingan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan bugungi kunga qadar nashr etilgan 30 nomdagi kitob, jumladan, buyuk allomalarimizning ilmiy merosini jamoatchilikka yetkazish yuzasidan Imom Moturidiy “Taʼvilot al-Qurʼon” asari 29-juzi, Mulla Ali Qori “Sharh al-Fiqh al-akbar”, Burhoniddin Margʻinoniy “Hidoya” asarlarining oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimalari taqdim etildi.
Shu bilan bir qatorda, Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlar hayoti va ilmiy merosini oʻrganishga bagʻishlangan 10 ta xalqchil risola, zamonaviy islomshunoslik masalalariga doir 6 ta kitob, 6 ta aqida matnlari, shuningdek, turli mavzularga oid oʻquv-uslubiy qoʻllanma, kitob va risolalar ham taqdim etildi. Taqdimotda “Moturidiylik” ilmiy-maʼrifiy jurnalining nishona soni ham namoyish etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan Markaz tomonidan amalga oshirilgan nashrlar, ularning Imom Moturidiy ilmiy merosi hamda moturidiylik taʼlimoti mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdagi ahamiyati, xususan, moʻtadil taʼlimotni taʼminlashdagi oʻrni yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bayon qildilar.
Jumladan, Turkiyadagi Saljuk universiteti Imom Moturidiy markazi direktori Rejep Tuzju “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining oʻzbek tiliga tarjima qilinishi musulmon olamida ulkan ahamiyat kasb etishini taʼkidlagan holda, ushbu xayrli ishga bosh-qosh boʻlgan Oʻzbekiston hukumati hamda Markaz ilmiy jamoasini muborakbod etdi.
Misrlik moturidiyshunos olim, ilohiyot fanlari doktori Ahmad Saʼd Damanhuriy Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishga oid qarorining amaliy ahamiyatini yuqori baholagan holda, “Taʼvilot al-Qurʼon” asarini tarjima qilish tarjimondan ulkan mahorat va masʼuliyat talab etishini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan, gʻoyaviy ziddiyatlar avj olgan globallashuv sharoitida bu kabi tarjimalarga ulkan ehtiyoj mavjudligini aytdi.
Markaz tomonidan tayyorlangan kitoblar moʻtadil islom taʼlimotini keng targʻib qilishda, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda oʻziga xos oʻrin tutishi alohida taʼkidlandi.
Shavkat YOQUBOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi