“Putbolinggayam, kuboginggayam”, deb qolmaylik...

    Fikr 24 Aprel 2025 1329

    Soʻnggi kunlarda yurtimizdagi eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzulardan biri – bu, albatta, futbol.

    17 yoshli oʻsmirlarimizning Osiyo kubogidagi gʻalabasi, oshirivormaganda ham, butun dunyoni hayratda qoldirdi. Koʻp chet ellik (qozoq bovurlarimiz, tojik birodarlarimiz, ingliz doʻstlar, ruslar va, hattoki, indoneziyaliklar va tailandliklar videolarini koʻrdim) tahlilchilar, sharhlovchilar, oddiy odamlarning gap-soʻzlari va tahlillarini koʻrib, eshitib gʻururga toʻldim.

    Nahotki, bu men yashayotgan Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlar boʻlsa....

    Bundan sal oldin Abduqodir Husanovning “Mancity”ga oʻtishi va u yerda yorqin oʻyin koʻrsatib, inglizu fransuzlar, qoʻyingki, butun jahonni “uzbek uzbek”, deb takrorlashga majbur qilgandi. Albatta, Eldor Shomurodovga ham oftob chiqib (Mоurinyu kasofatidan qutulib), italyanlarning sevimli farzandiga aylanib qolganinii ham aytish kerak.

    Bir videoda “Roma”ning muxlislari stadionni toʻldirib, “Sho-mu-ro....dou” deya joʻr boʻlib hayqirganini, klubning bir fanati uyida koʻzi yoshga toʻlib, “Eldor-Eldor”, deya baqirib chayqalganini koʻrdik.

    Endi futbol haqida gapirganda, rus ostonasini qizitayotgan Abbos, turk, fors va boshqa chempionatlarni “qaynatayotgan” hamyurtlarimiz ham koʻnglimizni boʻshashtirayotgani bor gap. Bu juda goʻzal holat. Yaqin yaqingacha bitta moda gap bor edi: “yetti uxlab, tushimizga ham kirmagandi”.

    Xoʻoʻp, gʻururlanib boʻldikmi?... Bardavom boʻlsin!

    Endi tanganing boshqa tomoniga ham bir qaraylik...

    Oxirgi kunlarda Abduqodir Husanovning “Mancity”dan boshqa jamoaga ijaraga berilishi, hatto, sotilishi haqida koʻplab gaplar chiqdi.

    Soʻnggi bir necha oʻyinda “zaxira oʻrindigʻini issiq qilib turgan” hamyurtimiz nimaga bunday holatga tushdi? Bu yaxshimi yoki yomonmi? Nega yaxshi oʻynab turgan bola, birdan muxlisga aylanib qoldi?..

    Har xil fikrlar bor, ular baʼzida bir biriga qarama-qarshi. Koʻpchilik bu vaziyatni Abduqodirning mart oxirida Oʻzbekiston termasining oʻyinlarida qatnashish uchun kelganida, uni bir toʻp blogeru jurnalistlar, muxlislarning “parrak qilib oʻynatgani” va unga boʻlgan ortiqcha tavoze bilan bogʻlashyapti. Nima emish, Abduqodir Oʻzbekistonga kelganda unga boʻlgan “mehrimiz”, bundan uning oʻzini tutishi Gvardiola akamizga yoqmaganmish.

    Endi oʻrtoqlar, Abduqodir-ku juda yosh yigit.. Bunday “koʻtar-koʻtar”ni uncha-muncha yoshi ulugʻ inson ham hazm qilishi oʻta qiyin masala...

    Abduqodirga munosabat, xuddiki “salfetka” uslubida boʻldi (uzr soʻrayman bu gap uchun). Kerak paytida olib, qoʻl-oyoq artishda foydalanib, uloqtirganday gap.

    Mana endi asosiy masala!!!

    Biz nega shundaymiz? Nega oʻz manfaatimiz yoʻlida boshqani bunchalik shafqatsizlarcha “ekspluatatsiya” qilamiz?

    Shunga oʻxshash holatlarni koʻrganda, doim ichim ezilib ketadi, miya boʻlsa 2007-yilni koʻz oldimga “katta ekran” qilib qoʻyadi...

    Nimaga deysizmi?

    Oʻsha yili 17-yoshlilar oʻrtasida Jahon chempionati boʻlgandi. Oʻzbekistonlik oʻsmirlar mana-man, degan komandalarning boshini yerga qaratib, YARIM finalgacha borgandi. Voy-boʻoʻoʻ, deb baqirgandi oʻshanda juda koʻpchilik...

    Oʻshanda dunyoning koʻp nashrlari oʻzbek futbolining yorqin kelajagi paydo boʻldi, Hakimov, Maxstaliyev (shunday iqtidorlar boʻlgan) va boshqa oʻsmirlarimizni “Barselona”, “Bavariya”, “Real” va boshqa klublar talashayotgani haqida koʻp oʻqidik, eshitdik.

    Bir paytlar milliy termamizga murabbiy boʻlgan, oʻzi rossiyalik Valeriy Nepomnyashiy oʻsha mamlakat TVsiga bergan intervyusida “Yaqin 4-5-yil ichida Oʻzbekiston butun dunyoni titratadi, koʻrasizlar” deganiga oʻzim guvohman...

    Ular qaytishganda, har bir bolaning tagiga Malibu-yu, choʻntagiga jaraq-jaraq pullar tiqilaverildi. Eng yomoni “koʻtar-koʻtar va yana koʻtar” boʻlib ketgandi.

    Hatto, Ginness kitobi ham burchakda xijolat tortib turdi...

    Aytib qoʻyay, u paytda blogerlar deyarli yoʻq edi. Lekin ularni butun respublika boʻylab oʻtayotgan tadbirmi, yigʻinmi, ha oling, toʻymi-maʼrakami boʻlsa, hatto, GAPlarga ham yoqasini yirtgudek, tashib ketishdi.

    Aytmoqchi, 2007-yilda ham juda koʻp “donishmand”lar bu bolalarni asrab-avaylash kerakligini, ularni tadbirma-tadbir yurishga qoʻymaslik, ular trenirovka qilishini, psixologlar ishlashi zarurligini koʻp-xoʻp aytishgandi.... Oxiri nima boʻldi?

    Ulugʻ shoirimiz Abdulla Oripov aytganlaridek;

    Parvo qilma, boʻlmaganni boʻldiramiz,

    Paymonasi toʻlmaganni toʻldiramiz,

    Bir paytlar otar edik, osar edik,

    Endi esa maqtab, maqtab oʻldiramiz.

    Eng qizigʻi, oʻsha paytda ham OʻFA bor edi, vazirlik bor edi, jamoatchilik ham tirik edi...

    Xoʻoʻp, ular hozir qani? Nima boʻldi? Kim aybdor?

    Ular hozir qayerdaligi oʻzimga ham qiziq. Ular futbolda “qumga tushgan tomchi”dek koʻrinmay ketdi. Oʻsha sobiq murabbiy aytganidek, dunyo ham titramadi, balki kulgandir... Titragan boʻlsa ham, koʻpchilik alamdan yigʻladi, xolos.

    Oʻsha qorakoʻzlarimizning mislsiz maqtovlar shiddatiga dosh berolmay, “qurbon” boʻlganiga oʻzimiz aybdor emasmizmi..?

    Ularning uvoli tutmaydimi?..

    Jimmizmi?..

    Mana bugun ham kecha Osiyo kubogini yutgan bolalar tadbirlarning toʻriga, toʻylarning sahnasiga, yigʻinlarning boshlovchisiga, blogeru jurnalistlarning “moʻmay intervyu”chisiga aylanishni boshladi. Bir bolamiz “chotdan gol urgich”, yana biri “qosh qoqish” boʻyicha memlar yaratishga jalb qilingan boʻlsa, ajabmas.

    Ularning jasorati, matonatini inkor qilmagan holda soʻraylik: hali nima ulkan ish qilib qoʻydik-da, buncha oʻzimizga sigʻmaymiz? Nima, kattalar oʻrtasida jahon chempioni boʻldikmi, yo dunyoni agʻdarib yubordikmi? Zamon tez, erta-indin xorijliklarning juda koʻpi bu voqeani unutadi. Masalan, oxirgi jahon chempionati gʻolibi qaysi jamoa boʻlganini kim bir, deganda eslaydi..?

    Chunki boshqa yangiliklar bisyor. Biz boʻlsa, biror kichik yutuqqa erishmaylik-da; qaytalab maqtab, osmonu falakka koʻtarib, “nosni kayfiday kayf” qilaveramiz.

    Nega har safar bitta xatoni takrorlayveramiz?

    Ishonaman, mana shu yerda hammamiz birlashishimiz kerak...

    Ajoyib oʻsmirlarimizga rahmatimizni aytdik, sovgʻayu mukofotlarni berdik. Ofarinlarni ham oʻrniga qoʻydik.

    Hamma obroʻ-eʼtiborga, halol boylikka tinimsiz mehnati bilan erishadi. Endi ularni tinch qoʻyaylik... Hali ularning oldida ham koʻoʻoʻp marralar turibdi...

    OʻFAyu, amaldorlaru, psixologidan tortib, hamma vakolatlilari ishlasin...

    Sizu biz ham qarab turmaylik.... Hech boʻlmasa, ularga xalaqit bermaylik.

    Yana marhum Hojiboy Tojiboyev aytganlaridek, “putbolinggayam, kuboginggayam”, deb qolmaylik...

    Keling, futbolchi boʻladimi, shaxmatchimi, matematikmi, tilshunosmi, kimyogarmi ter toʻkib, bilim va mahoratini oshirib, nimagadir erishganni “kiprigimga oʻtqazaman”, deyaverib, ularni IZIdan chiqarvormaylik.

    Boshqa davlatlarning fuqarolari, yoshlari ham katta-katta yutuqlarga erishayapti-ku. Bizchalik ularning “oyogʻiga bolta” urmayotgandir.

    Aytganday, biz sevib takrorlaydigan “bu borada jahonning ilgʻor tajriba”laridan ham foydalanaylik. Axir, Lamin Yamal, Jud Belingem, degan yosh yigitchalar ham “Barsa”, “Real«ning «qoplonlari” boʻlib yuribdi-ku. Nega ular oʻzidan ketib qolmaydi ekan...?

    Chunki ularda bu borada tajriba bor, ilmiy yondoshuv bor, murabbiy bor va jamoatchilik ham piar uchunmas, oʻz farzandining kelajagini oʻylab harakat qiladi...

    Aytadigan gap juda koʻp, yozadigani undanam...

    Bir donishmand, tarix shunisi bilan muhimki, u bizni hech narsaga oʻrgatmaydi... degan ekan.

    Hech boʻlmasa, shu safar oʻrgatsin, saboq chiqarishni oʻrganaylik, iltimos....

    Salim Doniyorovning

    feysbuk sahifasidan olindi