Bu boradagi keng koʻlamli islohotlar doirasida sport infratuzilmasi rivojlantirildi, xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etuvchi sportchilar tayyorlandi.
Oʻtgan toʻrt yilda sportni rivojlantirish, sohadagi muammolar yechimini taʼminlash va infratuzilmasini kengaytirishga oid 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Respublikamizdagi aholining keng qatlamlari, shuningdek, yoshlarni ommaviy sportga jalb etish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Natijada aholining ommaviy sportdagi qamrovi yildan yilga ortib bormoqda.
Yana bir muhim jihat. Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birga nogironligi boʻlgan shaxslarni ommaviy sportdagi qamrovi 71 ming nafarga olib chiqildi. Chekka hududlarda joylashgan va sport infratuzilmasi rivojlanmagan mahallalarda namunaviy tipdagi qariyb 2 mingga yaqin sport maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu, oʻz navbatida, mahalla yoshlarini ommaviy sportga jalb qilishda keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash uchun 24 ta axborot tizimini oʻz ichiga olgan “ERP-Sport” yagona boshqaruv tizimi ishga tushirilib, 14 ta vazirlik va idora tizimiga integratsiya qilindi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2021-yildan yurtimizda paralimpiya harakatiga eʼtibor kuchaytirildi. Natijada bu yoʻnalishda professional shugʻullanuvchilar qamrovi 11 ming nafarga, sohadagi murabbiylar 1250 nafarga va milliy terma jamoalar zaxirasi 1500 nafarga yetdi.
Bu esa, oʻz navbatida, Parij-2024 Paralimpiya oʻyinlarida hamda yaqinda Dubay shahrida boʻlib oʻtgan yoshlar oʻrtasidagi Paraosiyo oʻyinlarida parasportchilarimiz yuqori marralarni egallashida muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu ishlar sportning har bir yoʻnalishida, jumladan, taʼlim, seleksiya, tibbiyot, infratuzilma, kadrlar tayyorlash, malaka oshirish — barcha-barchasida yuqori natijalarni qoʻlga kiritishda muhim omil boʻlib xizmat qilayotganini alohida qayd etish kerak.
Joriy yilda nafaqat Osiyoda, balki dunyoda noyob boʻlgan Olimpiya shaharchasi barpo etilgani yoki uch bosqichli seleksiyaga ixtisoslashgan Prezident Olimpiadasi musobaqalari tizimi yoʻlga qoʻyilgani yangi Oʻzbekistonni sport mamlakatiga aylantirish borasidagi islohotlarning muhim boʻgʻini hisoblanadi.
Biroq bugungi sport sohasidagi islohotlarni qonun darajasida mustahkamlash va xalqaro sport tashkilotlari joriy etgan yangidan yangi qoidalar bilan takomillashtirish zarurati mavjud boʻlib, 2015-yilda qabul qilingan “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi qonun bugungi kundagi yangilanishlar va talablarga toʻliq javob bermay qolgan edi.
Xususan, unda ommaviy sportni rivojlantirish, sport federatsiyalarining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari, nogironligi boʻlgan shaxslar sporti, sportda halollikni taʼminlash kabi qator muhim masalalar qonun darajasida toʻliq aks etmagandi.
Shuningdek, amaldagi qonun bilan sport turlarini eʼtirof etish, sport federatsiyalarini reestrga kiritish tartibi, kelishilgan oʻyinlarga qarshi kurashish kabi masalalar tartibga solinmagan edi. Sportchi, murabbiy, sport hakami, sport agenti va boshqa sport mutaxassislarining, Milliy olimpiya va paralimpiya qoʻmitalarining huquq va majburiyatlari belgilanmagandi.
Amaldagi surdlimpiya, maxsus olimpiya, koʻzi ojizlar sporti va boshqa adaptiv sport turlarini tashkil etish tartibi, maqsad, vazifalari ham 2015-yilda qabul qilingan qonunda oʻz aksini topmagan edi.
Mavjud muammolarni bartaraf qilish hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi oʻzgarish va yangiliklarni amaliyotga tatbiq etishda yagona yondashuvni taʼminlash uchun ushbu qonunni yangi tahrirda qabul qilishga zarurat sezildi.
Shu bois, yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbusi asosida sport mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilib, qabul qilindi. Mazkur qonun mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini tubdan takomillashtirish, uni zamon talablari asosida yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Bu hujjatning eng muhim jihatlaridan biri aholini ommaviy sportga keng jalb qilish mexanizmlari aniq belgilab berilganidir. Endi ommaviy sport tadbirlari muntazam va tizimli ravishda tashkil etiladi, jismoniy faollikni oshirishga qaratilgan dasturlar amalga oshiriladi. Bu esa aholi salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonunda sport turlarini eʼtirof etish va ularning davlat reestrini yuritish tartibi ham takomillashtirildi. Bu orqali sport turlarini rivojlantirishda yagona yondashuv taʼminlanadi, sohadagi boshqaruv tizimi yanada shaffoflashadi.
Hujjatda sportda halollik va adolat tamoyillarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, sport musobaqalari natijalariga noqonuniy taʼsir koʻrsatish holatlariga qarshi keskin choralar belgilangan. Bu esa kelishilgan oʻyinlar va boshqa salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, qonunda paralimpiya harakati, shuningdek, Milliy paralimpiya qoʻmitasining huquqiy maqomi va vakolatlari aniq belgilab berildi. Qolaversa, yuqorida qayd etganimiz surdlimpiya, maxsus olimpiya, koʻzi ojizlar sporti kabi adaptiv sport turlarini rivojlantirish masalalari ham qonun darajasida mustahkamlandi. Bu esa inklyuziv sportni rivojlantirish, barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishda dolzarb ahamiyatga ega.
Eng muhimi, yangi qonun sport federasiyalari, sport klublari va ligalarining huquqiy maqomini belgilab, faoliyatini tartibga soladi. Federatsiyalarni reestrga kiritish, huquq va majburiyatlari, boshqaruv tamoyillari aniq koʻrsatilgani sohada tartib-intizomni kuchaytiradi.
Shuningdek, ilk bor murabbiylar, sport hakamlari va sport agentlarining huquqiy maqomi qonun darajasida mustahkamlandi. Bu esa sport sohasida professional kadrlar tayyorlash, ularning mehnatini munosib ragʻbatlantirish va huquqlarini himoyalashga xizmat qiladi.
Yana bir muhim yangilik. Dopingdan foydalanishga qarshi kurashish va uning qoʻllanilishi oldini olishning huquqiy asoslari takomillashtirildi. Sportda dopingdan foydalanishga qarshi kurashish, sogʻlom va halol raqobat muhitini taʼminlash boʻyicha aniq normalar joriy etildi.
Shu bilan birga, qonunda davlat organlari, xususan, Vazirlar Mahkamasi, Sport, Sogʻliqni saqlash, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari aniq belgilandi. Bu esa sohadagi boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Yangi tahrirdagi qonunni ishlab chiqishda Xitoy, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Vengriya, Rossiya, Qozogʻiston, Belarus, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning sport sohasiga oid qonunchilik hujjatlari oʻrganib chiqildi. “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi qonun 8 ta bob va 65 ta moddadan iborat boʻlib, amaldagi qonunning 44 ta moddasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi, shuningdek, sohadagi huquqiy boʻshliqlarni toʻldirishni nazarda tutuvchi 18 ta yangi modda qoʻshildi.
Eng muhimi, mazkur hujjatda bugungi kunda amaliyotda mavjud boʻlgan ayrim noaniqliklar va huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish, vazirlik va idoralarning hamda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining sohaga oid vazifalari aniq belgilab qoʻyildi.
Mamlakatimizda sport sohasidagi subʼyektlarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash, tizimda boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, sport federatsiyalari va professional sport klublari boshqaruviga bosqichma-bosqich tadbirkorlarni hamda xususiy investitsiyalarni jalb qilish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham ayni yoʻnalishdagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Mazkur qarorning asosiy maqsadi sportni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlari va muqobil moliyalashtirish manbalarini joriy etish, ajratilayotgan mablagʻlar yoʻnaltirilishini markazlashtirish, byudjet mablagʻlari hajmini kengaytirish hamda samaradorligini oshirishdan iborat.
Qaror bilan Sport vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Sport sohasida tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. Ushbu jamgʻarmaga yoʻnaltirish uchun zarur mablagʻlar davlat byudjeti parametrlarida koʻzda tutib borilishi taʼminlanadi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu qonun hamda qaror sohani yanada rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportga oid munosabatlarni tizimli tashkil etish, sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, yoshlarni jismonan baquvvat etib kamol toptirish, sportni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish va yangi Oʻzbekistonning jahon sport maydonidagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Adham IKROMOV,
sport vaziri