Davlat oliy taʼlim tashkilotlarida talabalar turar joyiga joylashish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan belgilangan.

Unga koʻra, talabalar turar joyiga joylashish uchun arizalar har yili 1-avgustdan oʻquv yili yakuniga qadar qabul qilinadi. Birinchi kurs talabalari esa talaba boʻlishga tavsiya etilganidan keyin ariza topshirishi mumkin.

Arizalarni my.gov.uz portali orqali yoki Davlat xizmatlari markazlarida elektron shaklda topshirish mumkin.

Mandat natijalari eʼlon qilingach, birinchi kursga tavsiya etilgan talabalar haqidagi maʼlumotlarni tegishli axborot tizimlariga yuklash jarayoni amalga oshiriladi. Shu sababli ayrim abituriyentlar ariza topshirish vaqtida “foydalanuvchi maʼlumotlar bazasida mavjud emas” degan xabarga duch kelishi mumkin.

Agar abituriyent talaba boʻlishga tavsiya etilgan boʻlsa-yu, yotoqxonaga ariza berishda uning maʼlumotlari tizimda chiqmasa, maʼlumotlar hali toʻliq yuklanmagan boʻlishi mumkin. Bunday holatda maʼlumotlar tizimda aks etishini kutib, keyin qayta urinib koʻrish tavsiya etiladi.

Ariza oʻquv yili yakuniga qadar topshirilishi mumkin.

Ariza yuborilgandan soʻng tizim talabani imtiyozli yoki umumiy roʻyxatga kiritadi. Yotoqxonada boʻsh oʻrin mavjud boʻlsa, elektron yoʻllanma shakllantiriladi. Boʻsh oʻrin boʻlmasa, talaba navbatga qoʻyiladi.

Talabalar turar joyiga joylashishda quyidagi toifalarga ustuvorlik beriladi:

— “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar;

— Ijtimoiy reyestr, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turuvchi talabalar;

— I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalar;

— bir oiladan bakalavriatning kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq nafar toʻlov-kontrakt asosida tahsil olayotgan farzandlar;

— xalqaro fan olimpiadalari hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadalari gʻoliblari;

— “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichi gʻoliblari;

— talabalar oʻrtasida oʻtkaziladigan “Zakovat” intellektual oʻyini respublika bosqichi gʻoliblari;

— talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi yoki qavat sardori boʻlgan talabalar.

Imtiyoz va ustuvorlikka ega talabgorlar joylashtirilgandan soʻng, qolgan boʻsh oʻrinlar umumiy roʻyxatdagi talabalar oʻrtasida navbat asosida taqsimlanadi.

Bunda 1-kurs talabalari uchun 55–65 foiz, 2-kurs talabalari uchun 15–20 foiz, 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20–25 foizgacha oʻrin ajratiladi.