1-maydan foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylar tomlarida quyosh panellari oʻrnatiladi

    Mamlakatimizda 17 Fevral 2023 1149

    2023-yil 1-apreldan umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatgan jismoniy va yuridik shaxslar qator soliqlardan ozod qilinadi.

    Qarorga koʻra, 2023-yil 1-apreldan umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran 3 yil muddatga, oʻrnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan oʻrnatilgan boʻlsa – 10 yil muddatga quyidagilarni toʻlashdan ozod etiladi:

    ushbu qurilmalar boʻyicha mol-mulk soligʻini;

    qurilmalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻini;

    yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda soligʻini.

    2023-yil 1-martdan yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda koʻrsatilgan quvvatdan yuqori boʻlmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qoʻshimcha texnik shart olish talab etilmaydi.

    Qarorga koʻra, tadbirkorlar, xorijiy investorlar:

    - qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organiga va (yoki) hududiy elektr tarmoqlariga oʻrnatilgan tariflarda, boshqa isteʼmolchilarga oʻzaro kelishilgan narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan, shu jumladan, uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishi;

    - boshqa shaxslarga tegishli obyektlarda ijara huquqi asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatib, ushbu qurilmalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishi mumkin boʻladi.

    Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan 2023-yil 1-martdan “yashil energiya” bank moliya produkti amalga kiritiladi.

    2023-yil 1-maydan:

    foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylar tomlari boʻsh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini oʻrnatish talabi joriy qilinadi;

    yangi tashkil etiladigan issiqxona xoʻjaliklari hamda sement, gʻisht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi;

    respublikadagi barcha yoqilgʻi (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi taʼminotining kamida 50 foizi ushbu obyektlarda oʻrnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.