Respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda okrug saylov komissiyasi raisi Mahmud Boltaboyev Markaziy saylov komissiyasining videoselektor shaklida oʻtkazgan yigʻilishida koʻrilgan masalalar va viloyatda hozirga qadar olib borilgan ishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 27-avgustdagi tegishli qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 10-Toshkent viloyati okrugi hududi boʻyicha saylov uchastkalarining joylashuvi yuzasidan 4 ta tuman hokimlarining taqdimnomalari maʼlumot uchun qabul qilindi.

Xususan, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining maʼmuriy hududi oʻzgarishi munosabati bilan quyidagi – Zangiota, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq va Qibray tumanlaridagi 25 ta saylov uchastkalari tugatildi. Bu boʻyicha 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi. Unga koʻra, hududlarda tugatilayotgan 25 ta saylov uchastkalari va uchastka saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibi haqidagi barcha maʼlumotlar 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladigan boʻldi. Demak, endilikda viloyat boʻyicha 963 ta saylov uchastkasi faoliyat koʻrsatadi.

–Okrug boʻyicha ularning tartib raqamlari belgilanib, manzili koʻrsatilgan holda mahalliy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilindi, – deydi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi raisi Mahmud Boltaboyev. – Muhimi, saylov uchastkalari aholi uchun qulay hududlarda boʻlishiga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, keyingi besh yil ichida yangi qurilgan bino va inshootlar tanlandi. Hozirda barcha saylov uchastkalariga koʻrsatkichlar, peshlavhalar va axborot stendlari tayyorlanib joylashtirildi.Barcha saylov uchastkalari saylovga oid qonun va boshqa meʼyoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlandi. Jismoniy harakati cheklangan saylovchilar imkoniyatini eʼtiborga olgan holda binolarga nishab yoʻlaklari barpo etildi.

Hozir Toshkent viloyati boʻyicha uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining umumiy soni 12 ming 386 nafarni tashkil etmoqda. Ular 87 nafar qoraqalpoqlar, 1 ming 557 nafar qozoqlar, 116 nafar ruslar, 568 nafar tojiklar, 18 nafar koreyslar va 252 nafar boshqa millat vakillaridan iborat.

Uchastka saylov komissiyalari tarkibi Saylov Kodeksining 25-moddalari talablari asosida tuzilgan.

Shu kunlarda Toshkent viloyatining tuman-shaharlarida Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish jarayoni boʻyicha joylardagi masʼullar bilan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Unda uchastka saylov komissiyasi vakillariga zarur tavsiyalar berilyapti.

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri