116,1 million soʻmlik startap loyiha kambagʻallikdan chiqarishga hissa qoʻshadi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 12-may sonida jurnalist Xurshida Ernazarovaning “116,1 million soʻmlik startap loyiha kambagʻallikdan chiqarishga hissa qoʻshadi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Mamlakatimiz yoshlarini ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ular tashabbusini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida qator ishlar bajarilmoqda. Jumladan, innovatsion hududlardagi muammolar yechimiga qaratilgan startap loyihalar davlat grantlari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Hududlarda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ilm-fanga keng jalb qilish, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish, soddalashtirilgan tartibda yoshlarning ilmiy va startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazilmoqda.

    Birgina misol. Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali tadqiqotchisi Shukrullo Murodovning “Innovatsion resurstejamkor kichik yopiq maydon” loyihasi viloyat innovatsion rivojlanish boshqarmasi oʻtkazgan hududiy startap loyihalarning 3-bosqichida gʻolib topildi hamda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 116,1 million soʻmga moliyalashtirildi.

    Dastlab mazkur startap loyihani shakllantirishda ilmiy tadqiqotchi Samarqand viloyatidagi mingdan ortiq tomorqa xoʻjaligi faoliyatini tizimli ravishda ikki yil oʻrgandi. Xususan, har bir uy xoʻjaligi uchun tomorqadan yuqori daromad olish nuqtasi, ekin maydonlari, oila boshligʻi va aʼzolari bandligi, bilim va koʻnikmalari, resurs imkoniyatlari va yerda innovatsiyalardan foydalanish holati kabi omillarga ilmiy asoslangan holda iqtisodiy baho berildi.

    Tadqiqotchi Yaponiyaning Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universitetida olgan bilim va tajribasi hamda viloyatda oʻtkazgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida qishloq aholisi bandligini taʼminlash va ularning daromadini oshirish, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga talabini qondirish, bozorda barcha fasllar uchun sabzavot mahsulotlari bahosini barqarorlashtirish maqsadida ushbu loyiha ishlab chiqilganini taʼkidlaydi.

    — Innovatsion kichik yopiq maydon anʼanaviy kichik yopiq maydonga nisbatan har tomonlama resurstejamkorligi, mustahkamligi va samaradorligi ilmiy asoslangan, — deydi tadqiqotchi. — Xususan, anʼanaviy kichik yopiq maydonning 70-75 foizidangina foydalanilsa, innova sion resurstejamkor kichik yopiq maydon sabzavotni 95-100 foiz yetishtirish va yerdan samarali foydalanish imkoniyatini beradi. Shuningdek, ekinlarni sugʻorishda suv resurslarini 33-35 foizgacha tejaydi. Unda ishlatiladigan plyonkadan 3-5 yil foydalanish mumkin. Bundan tashqari, bahor faslida qulupnay hosiliga, kuz faslida esa yer tokida pishgan uzum sifatiga yogʻingarchilikning salbiy taʼsirining oldini oladi.

    Loyiha uchun ajratilgan mablagʻ hisobidan shu yil aprel oyida Oqdaryo, Pastdargʻom, Payariq tumanlarida yashovchi kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, nogiron, ishsiz 20 nafar ayolga innovatsion resurstejamkor kichik yopiq maydon qurib berildi. Ularga serhosil pomidor koʻchati yetkazildi. Shuningdek, TDAU Samarqand filiali, mahalla fuqarolar yigʻini raisi va qabul qilib oluvchi uy xoʻjaligi oʻrtasida uch tomonlama shartnoma imzolandi.

    Qishloq xoʻjaligida bir sotix innovatsion resurstejamkor kichik yopiq maydondan ekin turlaridan kelib chiqqan holda yiliga oʻrtacha 13-15 million soʻm daromad olish mumkin. Shuningdek, loyiha doirasida tajriba sifatida filialning 5 sotix maydonida innovatsion resurstejamkor kichik yopiq maydon qurilib, serhosil “lojayin” F1 navli pomidor ekildi va 5 nafar talabaning bandligi taʼminlandi. Talabalar bu yerda mehnatiga yarasha hosildan tushgan daromadga ega boʻladi hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi.