Hozirda qandolatchilik va salqin ichimliklar tarmogʻi mahalliy sanoatning drayveriga aylanib ulgurgani va ularni qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

Shu bois shakarga aksiz toʻlovi bekor qilinishi belgilandi. Quruq sut importiga qoʻyilgan cheklovlar ham olib tashlanadi.

Buning hisobiga qariyb 40 ming odam ishlaydigan 5,5 ming qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trillion soʻmga yetadi.

Hozirda 2,5 mingga yaqin restoran va kafe QQS toʻlamoqda. Yil boshidan ularga QQSning 20 foizdan 40 foizgacha qismini “keshbek” sifatida qaytarish tizimi joriy qilingan edi. Lekin, hozirgacha bu imtiyozdan bor-yoʻgʻi 69 ta umumiy ovqatlanish korxonasi foydalangani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, salqin ichimlik, tort, muzqaymoq kabi 200 dan ziyod mahsulot alohida-alohida sotilsa, “keshbek” berilmayapti. Vaholanki, ularga ham QQS toʻlangan.

Soliq qoʻmitasiga bu boradagi tushunmovchiliklarni tartibga solib, adolatli tizimni yoʻlga qoʻyish topshirildi.