Toshkent viloyatida 100 gektar maydonga yirik golf majmuasi quriladi.

Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi. Qayd etilishicha, ayni kunlarda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Malayziya davlatida boʻlib turibdi. Ular bir qator yirik ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashmoqda.

“The Mines Resort and Golf Club” kompaniyasi bilan oʻtgan muzokaralarda Toshkent viloyatida zamonaviy golf klubi va mehmonxona majmuasini qurish loyihasi borasida kelishuvlarga erishildi.

Ushbu yirik loyiha uchun 100 gektar atrofida maqbul yer maydoni ajratilishi, uni zamonaviy talablar asosida serhasham kurort zonaga aylantirishi borasidagi takliflar koʻrib chiqildi. Loyiha uchun taklif etilgan hududlar Boʻstonliq, Parkent va Ohangaron tumanlaridir.

Shuningdek, delegatsiya bugun tabiiy shakarni qayta ishlab undan kaloriyasiz granulalar olish loyihasi boʻyicha “The Foodbase”, vegeterian proteindan goʻsht va fast fud mahsulotlarni ishlab chiqaradigan “Righ food company” kompaniya vakillari bilan ham muloqotlar oʻtkazadi.