Toshkent shahar IIBB hodisa sodir boʻlgan vaqtda kuzatuv kameralariga tushib qolgan kadrlarni eʼlon qildi.

Tasvirda yuziga niqob taqqan shaxs bankning xizmat koʻrsatish shoxobchalaridan biriga oʻyinchoq toʻpponcha bilan kirib, bank xodimasini qoʻrqitadi va undan pul talab qiladi.

Bank xodimasi esa sarosimaga tushmay, tashvish tugmasini bosadi. Buni koʻrgan erkak esa bankdan qochib chiqib ketadi. Chaqiruv asosida voqea joyiga yetib kelgan IIO xodimlari erkakni qoʻlga oldi.

"Ertalab uydan chiqqanimda nabiramning kichkina oʻyinchoq toʻpponchasi choʻntagimda qolib ketgan ekan. Ozgina oldi-berdim bor edi. Bilmadim nega bu ishni qildim, oʻzim ham hayronman. Qarzlar sabab tushkunlikka tushgan edim. Yunusobodga kelib, shu ishni qilib qoʻydim. Ichkariga kirganimda, oʻzimga oʻzim aytdim, “Zokir notoʻgʻri ish qilyapsan”, deb. Keyin, oʻzim chiqib ketdim. Hech kimga tegmadim, pul ham olmadim. Hammadan uzr soʻrayman, agar kechirolsangiz, kechiring", — deydi gumonlanuvchi erkak.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.