Texas shtatining Alvord shahrida noodatiy yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Sakkiz million dona 10 sentli tangalar avtomobil yoʻliga sochilib ketdi.
Qayd etilishicha, hodisa 29-aprel kuni soat 05:15 da sodir boʻlgan. Yuk mashinasi 36 tonnadan ortiq yangi zarb qilingan tangalarni olib ketayotgan boʻlgan. Texas Jamoat xavfsizligi departamenti vakili serjant Xosue De La Serdaning maʼlum qilishicha, haydovchisi burilish joyida boshqaruvni yoʻqotgan va yoʻldan chiqib ketgan.
Avariya oqibatida haydovchi va yoʻlovchi yengil jarohat olgan, keyinroq ularga shifoxonadan javob berilgan. Ammo tangalar sochilib ketgani sabab avtomobil yoʻli 14 soatga yopishga toʻgʻri kelgan. Tangalarni yigʻishga jalb etilgan brigadalar oqava suvlarni tozalashda qoʻllaniladigan vakuum mashinalar foydalanishga majbur boʻlgan. Ayrim ishchilar belgurak va hatto qoʻlda ham tanga yiqqan.
Yuk mashinasiga egalik qiluvchi kompaniya banklar va davlat idoralari uchun qoʻriqlanadigan yuklarni yetkazib berish bilan shugʻullanadi. Uning saytida koʻrsatilishicha, mashinalar zirhlangan va ularga qurolli qoʻriqchilar hamrohlik qiladi.
Mahalliy aholining soʻzlariga koʻra, shu kuni shaharda 8 million dollar sochilib ketgani haqida mish-mishlar tarqalgan, ammo aslida sochilgan tangalar qiymati salkam 800 ming dollarni tashkil etgan.