2021-yil hosili uchun ekilgan boshoqli don ekinlari baravj rivojlanmoqda

    Agrosektor 19 Aprel 2021 1072

    2021-yilning aprel oyi uchun belgilangan 188 ming 460 tonna mahalliy oʻgʻitning 110 ming tonnadan ortigʻi dalalarga chiqarildi.

    Samarqandda 2021-yil hosili uchun 4 ming 470 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 94 ming 230 gektar suvli maydonga ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlarini parvarishlash yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda.

    Qish faslida qor va bahorgi yomgʻirning meʼyoridan kam boʻlganligi, gʻalla parvarishi yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda bajarishni taqoza etadi. Buni yaxshi anglagan samarqandlik dehqonlar koʻp yillik tajribalariga tayangan holda ish olib borishmoqda.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan mazkur agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosi yuzasidan monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda. Shu asosda, qoʻlni-qoʻlga berib, bahamjihat qilingan harakatlar samarasi oʻlaroq, bugunga kelib 2021-yil hosili uchun ekilgan boshoqli don ekinlari baravj rivojlanmoqda.

    Oʻtkazilgan monitoring-tahlillar tadbirlariga koʻra, 78 ming165 gektar yer maydonidagi boshoqli don ekinlari rivojlanishning naychalash va 16 ming 65 gektar maydonda boshoqlash fazasida ekanligi maʼlum boʻldi.

    Viloyat gʻalla maydonlarida azotli oʻgʻitlar bilan uchinchi oziqlantirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Belgilangan rejaga asosan, bir kunda 7 ming 316 gektar joriy yil 18-aprel sanasiga qadar, 45 ming gektardan ziyod yer maydonidagi boshoqli don ekinlari azotli oʻgʻitlar bilan uchinchi bor oziqlantirildi.

    Boshoqli don ekinlarini naychalash hamda boshoqlash bosqichlaridagi parvarishni oʻz vaqtida amalga oshirish yuqori va sifatli hosil olishni taʼminlaydi. Shu maqsadda, bahorgi yomgʻirlar tufayli gʻalla maydonlarida begona oʻtlar koʻpayishi, xususan zang kasalligi koʻproq tarqalishi hosilga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

    Jumladan, zang kasalligiga qarshi fungitsid, begona oʻtlarga qarshi gerbitsid va biostimulyatorlarni toʻrtlik aralashmasi usulida sepishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bir kunda 3 ming 313 gektar, joriy yil aprel oyining 18 sanasiga qadar esa 127 ming 958 gektar yer maydonidagi boshoqli don ekinlariga toʻrtlik aralashmasi usulida ishlov berildi.

    Inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlarining qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boʻlimlari inspektorlari tomonidan gʻalla parvarishida suv resurslaridan tejab foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Gʻalla parvarishida mineral oʻgʻitlarning ahamiyati katta. Ekinni oziqlantirishda mahalliy oʻgʻitdan ham foydalanilsa, nihollar baravj rivojlanadi, suvga boʻlgan talabi kamayadi. Belgilangan chora-tadbirlar asosida dalalarga mahalliy oʻgʻit chiqarish, ekinlarni “sharbat” usulida sugʻorish va azotli oʻgʻitlar bilan oziqlantirish amalga oshirilmoqda.

    Bunda, har bir hududdagi gʻallaning rivoji, suvga boʻlgan talablar mutaxassislar ishtirokida jiddiy oʻrganib chiqilib, shu asosda agrotexnik tadbirlar oʻtkazilmoqda. Suvchilarning zahmatli mehnati bois, bir kunda oʻrtacha 3 ming gektardan ortiq maydondagi boshoqli don ekinlari “Sharbat usuli”da sugʻorilmoqda. 2021-yilning aprel oyi uchun belgilangan 188 ming 460 tonna mahalliy oʻgʻitning 110 ming tonnadan ortigʻi dalalarga chiqarildi.

    Amalga oshirilayotgan bahorgi agrotexnik tadbirlar, boshoqli don ekinlari hosildorligini oshirib, aholini sifatli va arzon non va non mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash imkonini beradi.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi

    axborot xizmati