“Tez yordam” xizmatining eng asosiy vazifasi og‘ir ahvoldagi bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat. Biroq ayrim paytlarda fuqarolardan tibbiyot brigadalari chaqiriq manziliga o‘z vaqtida yetib bormagani haqidagi e’tirozlarni eshitib qolamiz. Bunga esa aksariyat hollarda yolg‘on murojaatlar sabab bo‘ladi.

Boisi mazkur vaziyatda shifokorlar haqiqiy yordamga muhtoj bemorlar qolib, yolg‘on qo‘ng‘iroq egasi va uning manzilini aniqlash bilan ovora bo‘ladi. Bu holat esa o‘z navbatida “103” xizmati sifati va tezligiga salbiy ta’sir etadi.

— Avvallari aholidan yolg‘on chaqiriqlar juda ko‘p bo‘lgan, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev. — Biroq koronavirus pandemiyasi davrida aksariyat yurtdoshlarimizda tibbiy savodxonlik va shaxsiy mas’uliyat ortib, ular “Tez yordam” xizmatining ahamiyati nechog‘lik muhim ekanini anglab yetdi. Natijada bugunga kelib, yolg‘on va asossiz chaqiriqlar soni ancha kamaydi.

Raqamlarni tahlil qilsak, 2022 yil “103” xizmatiga jami 5 ming 446 ta ana shunday murojaat kelib tushdi. Quvonarlisi, mazkur ko‘rsatkichni 2021 yil bilan taqqoslasak, ular soni qariyb 2 barobar kamayganini ko‘rish mumkin.

Ammo ayrim hududlarda hamon yolg‘on chaqiriqlar soni yuqoriligicha qolmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2022 yil davomida eng ko‘p bunday murojaat Toshkent viloyatida qayd etilib, mazkur raqam 1 ming 149 tani tashkil etdi. Keyingi o‘rinda Navoiy viloyati qayd etildi — 851 ta. Shuningdek, Farg‘ona viloyatidan 779 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.

Eng kam yolg‘on chaqiriq esa Jizzax viloyatida ro‘yxatga olindi — 20 ta!