2022-yilning 1-yarmida rejaga nisbatan 103,1%ga koʻp - 28,7 mlrd kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi

    AOKAda Issiqlik elektr stansiyalari” AJ mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.

    Unda investitsiya loyihalari ijrosi va natijadorligi, ishlab chiqarish quvvatlari samaradorligi oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

    Bugungi kunda issiqlik elektr stansiyalarda 34 ta chastota oʻzgartirgich qurilmalar, 50 ta kichik quvvatdagi quyosh foto elektr stansiyalari (umumiy quvvati 196 kVt), 42 ta quyosh suv isitgichlari, 246 ta quyosh panelli yoritish chiroqlari va 914 ta sensorli yoritish datchiklari oʻrnatildi.

    “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼmuriy binosi tom qismida 116 ta quyosh panellaridan iborat quvvati 40 kVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi oʻrnatilib binoning mavjud elektr energiya taʼminoti tizimiga ulandi.

    Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qurilmalarni oʻrnatilishi natijasida oʻtgan 2021-yil davomida tizim korxonalari tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun 1 mln. kVt.soatga teng elektr energiyasi va 719,5 Gkal issiqlik energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi.

    Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan 2022-yil 10-iyunda videoselektor yigʻilishida belgilab bergan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasi sarfini kamaytirish boʻyicha “Fargʻona IEM” AJda quvvati 1800-2000 kVt va “Sirdaryo IES” AJda quvvati 1200-1500 kVt boʻlgan quyosh foto elektr stansiyalarini qurish boʻyicha loyiha ishlab chiqilgan, ayni damda loyihani tender oldi muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda. Yaqin kunlarda bu 2 ta loyiha boʻyicha tender eʼlon qilinadi.

    Ushbu loyihani amalga oshirish ishlariga 3,7 mln. AQSH dollariga teng mablagʻ jalb etilishi rejalashtirilgan boʻlib, uning amalga oshirilishi natijasida qoʻshimcha yiliga oʻrtacha 8,7 mln. kVt.soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi va qariyb 1 mln. kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiiga erishiladi.

    Bundan tashqari, tizim korxonalarida oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasi sarfini kamaytirishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni yoʻlga qoʻyish borasida oʻrganishlar olib borilib, 2023-2024-yillar mobaynida IES va IEMlarda 30-40 MVt va undan yuqori quvvatli quyosh fotoelekt stansiyalarini qurish boʻyicha oʻrganishlar olib borilib, tegishli takliflar ishlab chiqilmoqda.